Jahon | 08:42 / 28.06.2020
57308
15 daqiqa o‘qiladi

Paranoyya, charter reyslar va yam-yashil o‘lka. Markaziy Osiyoda ikkinchi to‘lqin haqida

Koronavirus haqidagi xabarlarda «ikkinchi to‘lqin» iborasi tez-tez ko‘zga tashlanyapti. Ha, ko‘p mamlakatlarda virus yuqtirganlar soni yana ko‘paya boshladi. Hamma yerda har xil omillar ikkinchi to‘lqinni keltirib chiqarmoqda.

Foto: REUTERS/Pavel Mikheyev

Koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqini kuzda, shimoliy yarim sharda havo harorati pasayganda yuz berishi taxmin qilingandi, ammo bu tutqich bermas virus tarqalishining ikkinchi to‘lqini kuz kelishini kutib o‘tirmay yozdayoq boshlanib ketdi. Bu esa virusning issiq havoda o‘lishi haqidagi farazni butkul yo‘qqa chiqardi. Doimo quyoshli Markaziy Osiyoda ham ikkinchi to‘lqin boshlanib ketdi.

Mutaxassislarning fikricha, ikkinchi to‘lqin paydo bo‘lishida asosan karantin cheklovlari bekor qilinayotgani sabab bo‘lyapti. Aslida bu gapni mutaxassis bo‘lmay ham aytish mumkin. Axir cheklov bo‘lmagandan keyin odamlar xohlaganiday yuraveradi. Virus esa bunaqa odamlarni «juda yaxshi ko‘radi». Karantinda zerikkan odamlar cheklovlar yumshatilishi bilan ko‘chaga otilishdi va oqibatda «virusning ovi yurisha boshladi».

Quyida Markaziy Osiyodagi to‘rt mamlakat misolida koronavirus pandemiyasining tarqalishi, avj pallasiga chiqishi hamda ikkinchi to‘lqini qanday ro‘y berayotganini tahlil qilib ko‘ramiz.

Qozog‘iston. Eng ko‘p test – eng ko‘p aniqlangan holat

Qozog‘istonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat 13 martda aniqlangandi. U paytda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida koronavirus tarqalib bo‘lgandi. Jumladan, Xitoyda 80 ming, Italiyada 15 ming, Eronda 10 ming, Janubiy Koreyada 8 mingdan oshiq odam koronavirus yuqtirgandi. Virus aniqlangan 13 martga qadar Qozog‘istonda karantin joriy etilgan, maktablarda ta'til berilgan va barcha ommaviy tadbirlar bekor qilib bo‘lingandi.

15 martga kelib Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 8 nafarga yetdi va mamlakatda favqulodda holat joriy qilinadi. 17 mart kuni karantin tufayli Olma-Ota va Nur-Sulton shaharlariga kirish-chiqish yopiladi. 18 martda esa vaziyat tezlashib ketgandi – Qozog‘istonda koronavirus yuqtirganlar soni 36 nafarga yetadi.

Qozog‘istonda aholining koronavirusga chalinish holati aprelning oxiri va mayning birinchi yarmida eng avjiga chiqdi. 2 may kunining o‘zida 306 nafar odam kasallik yuqtiradi. Keyingi rekord 17 may kuni qayd etiladi va bir kunda kasallanganlar soni 307 nafarga ko‘payadi. Shundan so‘ng 31 maygacha kunlik ko‘rsatkichlar to‘xtovsiz oshib bordi va shu kuni 476 nafar odamda kasallik aniqlanadi. May oyida virus yuqtirganlar soni keskin oshgani o‘tkazilayotgan testlarning ham soni ortgani bilan izohlandi.

Iyundan boshlab Qozog‘istonda vaziyat yumshaydi va 8 iyunda kunlik o‘sish 165taga teng bo‘ladi. Bu 17 maydan keyingi eng past ko‘rsatkich edi. Kasallanganlar soni kamaya boshlagach, tabiiyki hukumat karantinni yumshata boshlaydi. Xuddi boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi...

Karantin yumshatilishi o‘z «natijasi»ni uzoq kuttirmaydi va 9 iyundan boshlab kunlik o‘sish yana osha boshlaydi. 22 iyunda kunlik o‘sish bo‘yicha yangi rekord qayd etiladi – 507 nafar. Ikki kun o‘tib kunlik o‘sish 534taga yetadi va bu Qozog‘istonda koronavirus tarqala boshlagandan buyon eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar Qozog‘istonda ikkinchi to‘lqin boshlanganidan dalolat berardi va mamlakat karantin cheklovlarini qayta joriy etishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi. 22 iyundan boshlab Nur-Sultonda bog‘chalar qayta yopilishi e'lon qilindi.    

28 iyun holatiga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirus yuqtirganlar 20 319 nafarni, kasallik tufayli vafot etganlar 166 nafarni, sog‘ayib ketganlar 12 738 nafarni tashkil etmoqda. E'tiborli jihati, Qozog‘istonda juda ko‘p odam test qilingan va mamlakat bu borada Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda, dunyo miqyosida ham nisbatan yuqori ko‘rsatkichga ega - 1 mln 467 ming 556 kishining tahlil namunalari tekshirilgan. Mintaqada bu borada ikkinchi ko‘rsatkich O‘zbekistonga tegishli - 1 mln 121 ming 236 kishi. Qirg‘izistonda shu vaqtgacha 212 ming 112 kishi test qilingan, Tojikiston bu boradagi ma'lumotlarni oshkor etmagan.

Qirg‘iziston. Qo‘shnilardan o‘rnak

Qirg‘izistonda koronavirusga chalinish holati ilk bor 18 mart kuni aniqlandi. Bu qo‘shni davlatda ham koronavirus aniqlanganiga qadar ommaviy tadbirlar o‘tkazish cheklangan, shuningdek, maktab va bog‘chalar o‘z faoliyatini to‘xtatgandi. Katta ehtimol bilan ikki qo‘shni davlat O‘zbekiston va Qozog‘istonda virus aniqlangani Qirg‘izistonda shunday choralarga undagan.

Qirg‘izistonda kunlik rekordlar Qozog‘istondagi kabi yuqori emas, ammo co‘nggi kunlardagi ko‘rsatkichlar mamlakat aholisining soniga qaraganda yuqori bo‘ldi... 6 aprelda 69 nafar qirg‘izistonlikda virus aniqlandi. Bu orada kasallik qayd etilishi ancha pasaydi va bir oy o‘tib 10 may kuni rekord yangilandi – 71 kishi. Keyingi rekord 18 may kuni qayd etildi va bu kunda jami 78 nafar odamda koronavirus aniqlandi.

Mayning ikkinchi yarmida ko‘rsatkichlar pasaya boshladi, ammo 28 maydan kunlik o‘sish yana oshdi. 28 maydan 1 iyunga qadar ketma-ket to‘rt har kunlik o‘sish 70 nafardan kam bo‘lmadi. 2 iyundan o‘sish keskin pasayadi va o‘sha kuni 28 nafar odamda kasallik aniqlanadi. Keyingi kunlarda ham ko‘rsatkichlar 28-35 kishi oralig‘ida bo‘lib turadi. 8-9 iyun kunlarida 25-23 nafar odamda kasallik aniqlanib eng past ko‘rsatkich qayd etiladi. Shundan so‘ng mamlakatda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yengillashtirib boriladi.

Karantinning yumshatilishi esa tabiiyki ko‘rsatkichlar yana ko‘payishiga sabab bo‘ladi. 14 iyunda kunlik o‘sish 78 nafargacha oshadi. Shundan so‘ng o‘tgan o‘n kun mobaynida Qirg‘izistonda kasallik qayd etilishi muntazam oshib bordi. 19 iyunda bir kunda 132 nafar odamda kasallik aniqlanib yangi rekord qayd etilgan bo‘lsa, ertasi kuni 192 kishi koronavirus yuqtirgani aniqlandi. 22 iyunda 205 nafar, 24 iyunda esa 207 nafar odam koronavirus yuqtirgani ma'lum bo‘ldi va yangi rekordlar qayd etildi. 26 iyun kuni yangi rekord kuzatildi – 250 kishi.

Koronavirus yana avj ola boshlagani sabab hukumat yana bir necha viloyat va shaharlarda favqulodda holat rejimini joriy etishi kutilgandi. Keyinchalik Qirg‘izistonda favqulodda vaziyat vaqtincha joriy etilmasligi aytildi.

28 iyun holatiga ko‘ra Qirg‘izistonda koronavirus bilan kasalllanish holatlari soni 4513tani, vafot etganlar soni 46 nafarni, sog‘ayganlar soni 2212 nafarni tashkil etmoqda.

Tojikiston. Paranoyya va dedlaynni kutgan rasmiy bayonot

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga qaraganda Tojikistonda vaziyat biroz boshqacha kechdi. Bu mamlakatda koronavirusning birinchi to‘lqini qachon ro‘y berdi, hozirgi holat ikkinchi to‘lqinmi yoki ikkinchi to‘lqin hali oldindami, bunga hech kim javob bera olmaydi. Sababi bu mamlakatda boshqalardan farqli o‘laroq uzoq vaqtgacha koronavirus aniqlangani rad etib kelindi. Qaysidir ma'noda buni siyosiy paranoyya deb atash ham mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda va Tojikiston saytlarida mamlakatda pnevmoniya keng tarqalgani, undan vafot etish holatlari ko‘paygani haqida xabarlar tinmadi, janoza mayit tez yordam mashinasiga qo‘yilgan holda o‘qilayotgani tasvirlangan videolar tarqaldi, tojikistonliklar hali koronavirus aniqlanmay qabrlar germetika paket bilan o‘rab xlorlanayotganini videoga olib internetga joylashdi hamki rasmiy bayonotdan darak yo‘q edi.

O‘z ismini oshkor qilishni xohlamagan tibbiyot xodimlari koronavirus Tojikistonga mart oyi o‘rtalarida kirib kelgani, ammo mutasaddilar uni yashirgani haqida ma'lumotlar berishdi.

Aprelning so‘nggi kunlarida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Tojikistondagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni taftish qilish uchun mamlakatga o‘z vakillarini yuborishi haqida e'lon qiladi. Shundan so‘ng JSST vakillari yetib kelmasidan bir kun oldin, 30 aprel kuni Tojikistonda koronavirus bilan kasallanish holati borligi rasman e'lon qilinadi. Go‘yoki, Tojikiston hukumati JSST belgilagan dedlaynning oxirgi kunini kutib turgandek.

Eng dahshatlisi, Tojikistonda aprelning so‘nggi kunlarigacha bog‘cha va boshqa barcha ta'lim muassasalari ishlashda davom etdi, hukumat 27 aprelga kelib avvaliga bog‘cha va maktablarda ta'til e'lon qiladi. Oradan bir necha kun o‘tib mamlakatda koronavirusni yuqtirish holati borligi rasman tan olingandan so‘ng o‘rta maxsus va oliy ta'lim muassasalari yopildi hamda barcha ommaviy tadbirlar bekor qilinadi. Ungacha mart, aprel oylarida rejalashtirilgan barcha tadbirlar o‘tkazildi. Ularda hatto mamlakat prezidenti Imomali Rahmon va boshqa yuqori lavozimli amaldorlar ham qatnashdi.

Tojikistonda 4 mayda ilk marta kunlik o‘sish 100 kishidan oshdi (102) nafar odamda koronavirus aniqlandi. 15 mayga kelib kunlik o‘sish 211 nafarga yetdi. Shundan so‘ng, o‘n kun davomida har kuni mamlakatda 200dan oshiq odamda koronavirus qayd etiladi va 25 maydan kasallik aniqlanishi kamayishi boshlandi. 23 iyunda Tojikistonda 54 nafar odamda koronavirus aniqlandi. Bu 12 maydan buyon eng past ko‘rsatkich.

Ammo 24 iyun kuni koronavirus yuqtirganlar soni sezilarli oshdi – 63 nafar. Balki bu mamlakatda koronavirus eng oxirida, boshqalardan 1,5-2 oy keyin aniqlangani kabi (rasman), ikkinchi to‘lqinning yuz berishi ham endi sodir bo‘lar. Buni vaqt ko‘rsatadi.

28 iyun holatiga ko‘ra, Tojikistonda koronavirus yuqtirganlar soni jami 5799 nafarni, undan vafot etganlar 52 nafarni, sog‘ayganlar ea 4391 nafarni tashkil etmoqda.

O‘zbekiston. Iyundagi rekordlar

Mamlakatimizda ilk koronavirusga chalingan bemor 15 mart kuni aniqlandi. 29 mart kuni 40 nafar odamda xavfli virus aniqlandi. 6 aprelda esa ilk marta kunlik zararlanish holatlari soni 100dan oshdi va jami bemorlar soni 115 nafarga yetdi. 11-15 aprel kunlarida har kuni 133-167 nafar oralig‘ida kasallar aniqlandi. Jumladan, 11 aprelda 143 nafar, 13 aprelda 133 nafar, 14 aprelda 167 nafar, 15 aprelda 137 nafar.

Shundan so‘ng 7 iyungacha bo‘lgan muddatda faqat 26 may kuni 101 nafar odamda koronavirus aniqlangani hisobga olinmasa, boshqa kunlarda kunlik kasallanish holati 100taga yetmadi. 15 apreldan 7 iyungacha salkam ikki oy muddatda eng ko‘p kasallanish 26 may kuni (101 nafar), eng kam kasallanish 26 aprelda (7 nafar) qayd etildi.

Ammo 7 iyun kuni kunlik kasallanish soni keskin o‘sdi va 237 nafar odamda kasallik aniqlanib rekord qayd etildi. 8 iyun kuni kasallik aniqlanganlar soni biroz kamaydi va 109 nafarni tashkil etdi. Shundan so‘ng bir hafta davomida har kuni 100 nafardan oshiqroq odamda kasallik aniqlanib boraverdi. 15 iyunda o‘sish yana keskinlashdi va o‘sha kuni 183 nafar odamda kasallik aniqlandi. 16 iyunda 230 nafar, 17 iyunda 189 nafar, 19 iyunda 179 nafar, 20 iyun kuni 207 nafar, 23 iyunda 201 nafar odamda kasallik aniqlandi. 25 iyun kuni 276 nafar odamda kasallik aniqlandi va kunlik kasallik aniqlanishi bo‘yicha yangi rekord qayd etildi.

O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda koronavirus xorijdan kirib kelgan va karantinda bo‘lgan fuqarolarda aniqlanyapti. Ammo ming afsuski karantin cheklovlari yumshatilishi ortidan odamlar erkin harakatlana boshlagach, aholi orasida ham kasallik chiqyapti, 27 iyun kuni bu borada rekord ko‘rsatkich qayd etildi – aholi orasida 54 kishida virus aniqlandi. Yurtdoshlarning charter reyslarda vatanga olib kelinayotganini ham unutmaslik kerak.

27 iyun holatiga ko‘ra, 7682 nafar odamda koronavirus aniqlangan. Ulardan 20 nafari vafot etgan, 5240 nafari sog‘aygan.

Yam-yashil Turkmaniston – alohida o‘lka

Koronavirus Yer yuzidagi qariyb barcha davlatlar (ular orasida uzoq Okeaniyadagi kichik orollar ham bor) bo‘ylab tarqalganiga qaramasdan, Markaziy Osiyodagi yana bir davlat Turkmaniston hanuz o‘zida koronavirus yuqtirish holatlari yo‘qligini ta'kidlab kelmoqda. Bu orada Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida joylashgan yuqumli kasalliklar shifoxonalari bemorlar bilan to‘lgani va ularga shifo izlab borayotgan aholida koronavirus alomatlariga o‘xshash alomatlar borligi haqida xabarlar chiqdi. OAVda Turkmanistonda ilk koronavirusga chalingan odamlar aniqlangani haqida xabar ham berildi. Jumladan, «Xroniki Turkmenistana» nashrining xabar berishicha, poytaxt Ashxobodda 6 nafar odamda koronavirus aniqlangan va ularning barchasi tibbiy xodimlar bo‘lgan.

Xulosa shu bo‘lyaptiki, koronavirus hozircha issiqda ham «o‘lmayapti» va kunlik kasallik aniqlanishi avvalgilaridan ham ko‘p bo‘lmoqda. Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlarida koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqini boshlangan. Qolaversa Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanov (uning o‘zi ham kasallikni yuqtirib, iste'foga chiqdi) bu mamlakatda koronavirus tarqalishining ikkinchi to‘lqini may o‘rtalarida boshlangani va hanuz davom etayotganini bildirgan.

Demak, har qanday holatda karantin qoidalariga amal qilish, odamlar bilan masofa saqlab muomala qilish, ko‘chadan uyga kirganda qo‘llarni sovunlab yuvishda davom etish va ehtiyoj bo‘lmagan holatlarda ko‘chaga chiqishdan tiyilib turish kerak. Aks holda shuncha qilingan mehnat va xarajatlar bekor bo‘lib chiqishi mumkin.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi

Mavzuga oid