Bu Qirg‘izistonda koronavirusga chalinishning ilk holatlari bo‘ldi. Uch holatda ham virus xorijda yuqtirilgan.

«Bu biz uchun kutilmagan bo‘lmadi. Biz bu ssenariyga uch oydan buyon tayyorlanyapmiz. Shifoxonalarda zarur xonalar tayyorlangan, infeksion bo‘limlarda ham zaxira xonalari tayyorlab qo‘yilgan. Laboratoriyalarda zarur qurilmalar mavjud, shifokorlar tahlil namunalari olishga tayyor», degan vazir.

Qayd etilishicha, ularning barchasi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lib, ular yaqinda Umra ziyorati uchun Saudiya Arabistonida bo‘lib qaytishgandi.

Ular qaytgan samolyotda jami 135 yo‘lovchi bo‘lgan. Ayni vaqtda ularning 90 nafari karantinga joylashtirilgan.

Vesti.kg nashri yozishicha, samolyot yo‘lovchilari parvozdan keyin tekshiruvdan o‘tkazilmagan. Chunki, shu vaqtga qadar Qirg‘izistonda Saudiya Arabistonidan keluvchilar xorijdan keluvchilarning uchinchi toifasiga kiritilgandi. Bu toifaga virus tarqalishi xavfli darajada avj olmagan davlatlar kiritilgan: Singapur, Avstriya, Daniya, Hongkong, Malayziya, Tailand, Hindiston, Bahrayn, Avstraliya, Gretsiya, Kanada, Iroq, BAA, Kuvayt, Misr, Livan, Qatar, Saudiya Arabistoni.

Super.kg nashri xabariga ko‘ra, Suzoq tumani Blagoveshenka qishlog‘ida istiqomat qiluvchi shaxs Saudiya Arabistonidan kelganlardan biri to‘y qilgani haqida xabar bergan. 

«Hoji umradan qaytganidan keyin to‘y qildi. Kecha uni olib ketishgan, biz bu haqda faqat bugun bildik. Qishloqda militsionerlar patrullik qilmoqda, biz ko‘chaga chiqmayapmiz va nimalar bo‘layotganini bilmayapmiz», - degan u.

24.kg nashri Suzoqdagilarda virus qayd etgan shifokorlar suratini e'lon qilgan.

Qirg‘iziston Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Tolo Isakovning ma'lumotiga ko‘ra, shu kunlarda Bishkekka Saudiya Arabistonidan yana 300 nafar hoji qaytishi kutilmoqda. Vazirlik ularning barchasi karantinga joylashtirilishini ma'lum qilgan.

Tolo Isakov butun mamlakatda favqulodda holat joriy etishga hozircha zarurat yo‘qligini ma'lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday chora faqat virus ommaviy ravishda tarqala boshlasa qo‘llanishi mumkin.

Qirg‘izistonda 16 martdan boshlab barcha maktablar va oliy ta'lim muassasalari 3 haftaga karantinga yopilgandi. Shuningdek, Qirg‘iziston hukumati koronavirus qayd etilgan davlatlarga borgan xorijliklarning mamlakatga kirishini taqiqlab qo‘ygan.