O‘zbekiston | 09:59 / 28.06.2020
8292
6 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar uchun «xizmatlar paketi», ixtisoslashayotgan tumanlar va «oltin reyestr» – vazir o‘rinbosari bilan Namanganni rivojlantirish bo‘yicha suhbat

Davlat rahbarining Namangan viloyatiga tashrifi davomida ma'lum qilinishicha, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2020 yilda umumiy qiymati 13,1 trln so‘m bo‘lgan 2148ta loyiha ishlab chiqilgan bo‘lib, ular doirasida 55,1 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Bu loyihalarni amalga oshirishda ishlar bir necha yo‘nalishda tashkil qilinmoqda.

Aziz Voitov

Viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni tashkil etish yo‘nalishlari xususida Kun.uz muxbiri investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov bilan suhbatlashdi.

Har bir tumanning kuchli tomonlaridan foydalaniladi

Namangan viloyatida tumanlarning ixtisoslashuvi asosida ishni tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda. Investitsiya dasturi doirasida ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, ular tumanlardagi holatni tahlil qilib, har bir tumanning kuchli va zaif tomonlarini o‘rganadi. Kuchli tomonlarni kuchaytirish, zaif tomonlarni yo‘qotish uchun qanday harakatlar qilish kerakligi bo‘yicha 3 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Yirik tadbirkorlar faoliyati kooperatsiya shaklida tashkil etiladi

Viloyatni rivojlantirish bo‘yicha faoliyat yo‘nalishlaridan biri kooperatsiya tamoyili asosida tadbirkorlik va kasanachilikni rivojlantirish hisoblanadi. Bunda Andijon viloyati tajribasidan kelib chiqqan holda, yirik tadbirkorlarni moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi. Deylik, tadbirkor charm ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Ishlab chiqarish jarayoni bo‘yicha vazifalarni xonadonlarni jalb qilgan holda taqsimlab beradi, keyin ularning natijasini umumlashtirib, mahsulotni ishlab chiqaradi. Bu yirik sanoat korxonalarini tashkil qilish orqali aholining daromadini oshirish imkonini beradi. Bunda tadbirkorlarning faoliyati to‘quv-trikotaj, hunarmandlik, issiqxona xo‘jaliklari, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik, bog‘dorchilik, zargarlik, echkichilik, yog‘ochsozlik kabi sohalar bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirkorga shunchaki kredit berish bilan cheklanilmaydi

Viloyatda tadbirkorlarga banklar orqali xizmatlar paketini taqdim etish ko‘zda tutilmoqda. Namanganda yirik ishlab chiqarishlar yo‘q, asosan kichik biznes rivojlangan. Investitsiya kompleksidagi 3ta bank – Milliy bank, Asaka bank, Sanoatqurilishbank orqali kichik biznesni rivojlantirish uchun xizmatlar paketi taqdim etiladi. Ya'ni tadbirkorga shunchaki kredit tutqazish emas, unga biznes reja bo‘yicha yordam ko‘rsatiladi, o‘zi yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan yo‘nalish bo‘yicha o‘qitiladi va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining tadbirkorlarni o‘qitish dasturi bor. Shunga tadbirkorlarni jalb qilgan holda ularga biznesni boshqarish ko‘nikmalari ham o‘rgatiladi.

Bog‘dorchilik ham klaster tizimiga o‘tadi

To‘rtinchi yo‘nalish viloyatda bog‘dorchilikni rivojlantirish bilan bog‘liq. Namangan viloyatida yirik issiqxonalar kam, lekin bog‘lar ko‘p. Viloyatda jami 16100 gektar bog‘ bor. Lekin shundan 3300 gektari eskirgan, samarasiz bog‘lar. Mana shu 3300 gektar bog‘ yangidan qayta ishlanadi, qo‘shimcha ravishda 1200 gektar maydonda yangi bog‘ yaratiladi. Mevani yetishtirish, terib olish, quritish kabilar asosida eksport klasteri tashkil etildi. Hozir 670ga yaqin bog‘dorchilik korxonalari mavjud. Ularning hammasi kichik-kichik bo‘lib, chet elga borib yirik supermarketlargi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mol yetkazib bera olmaydi. Shuning uchun ham ular 13ta yirik klasterga birlashtiriladi, yirik eksportyorlar xalqdan mahsulotni yig‘ib olib, saralash va kalibrovkasini amalga oshiradi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijdagi savdo tarmoqlariga eksport qiladi, bundan qo‘shilgan qiymat ham oshadi.

Bu loyihani amalga oshirish uchun Jahon bankining 50 mln dollar, IFAD tashkilotining 10 mln dollar, Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 40 mln dollar miqdoridagi kredit mablag‘lari jalb qilinadi. Natijada meva-sabzavot mahsulotlari eksporti hajmi 55 mln dollardan 232 mln dollarga yetkaziladi.

Jundan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha yo‘lga qo‘yiladi

50 ming bosh echkini boqib, uning junidan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan tizim tashkil etiladi.

Bunda echkilar klaster usulida parvarish qilinib, har bir echkidan o‘rtacha 4-5 kg atrofida jun mahsuloti olinadi hamda qayta ishlanadi, kasanachilik asosida ip yigirish, to‘quv ishlari amalga oshirilib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Umuman olganda, klaster usulida echkichilikni rivojlantirish bo‘yicha 67 mlrd so‘m bo‘lgan 6ta loyiha amalga oshirilib, 5,9 mingta ish o‘rni yaratiladi. Parvarish qilingan echkilarning jun mahsulotlari qayta ishlanishi natijasida yiliga 5 mln dollar qiymatidagi eksport imkoniyati yaratiladi.

“Oltin daftar” reyestri ishga tushadi

Viloyatni kompleks rivojlantirish maqsadida xorijdagi vatandoshlarning salohiyatidan ham o‘rinli foydalanish nazarda tutilgan. Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi dilomatik vakolatxonalar bilan birgalikda “oltin daftar” reyestri ishlab chiqilgan. Vatandoshlar bilan muloqot olib borish natijasida viloyatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha kelishish ko‘zda tutilgan. Namangan viloyatida xorijdagi vatandoshlar ishtirokida umumiy qiymati 247 mln dollar bo‘lgan 17ta loyiha amalga oshirilib, 1,9 mingta ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Abror Zohidov suhbatlashdi. 

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid