Jahon | 22:32 / 29.06.2020
5469
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiyaning sobiq bosh vaziri firibgarlikda aybdor deb topildi

Parij sudi Fransiyaning sobiq bosh vaziri Fransua Fiyon va uning rafiqasi Penelopa Fiyonni moliyaviy firibgarlikda aybdor deb topdi. Sud chiqargan hukmda Fiyon o‘z rafiqasining soxta ishga joylashtirilishiga javobgar ekani va bu unga davlat budjetidan million yevrodan ko‘proq mablag‘ni o‘zlashtirishga imkon bergani aytilgan. 

Mahalliy OAVda ta'kidlanishicha, Fiyon ushbu ish bo‘yicha 5 yilga (undan 3 yili shartli) ozodlikdan mahrum etilgan, 375 ming yevro jarimaga tortilgan va unga 10 yil davomida mansabdor lavozimlarni egallash taqiqlangan. Uning rafiqasi 3 yillik shartli qamoq jazosi olgan. Bundan tashqari, sud Fiyonning sobiq yordamchisi Mark Juloni 3 yillik shartli qamoq jazosiga hamda 20 ming yevro jarimaga tortgan. Bundan tashqari, ularning barchasiga budjetga o‘zlashtirilgan pullarni qaytarish majburiyati qo‘yilgan.

Ayblanuvchilarning advokatlari sud qarorini adolatsiz deb atab, uning ustidan arz qilishlarini aytishgan.

Fiyonga qarshi sud ishi Canard Enchainé hajviy nashri tergov o‘tkazib, uning natijalarini 2017 yil yanvarda e'lon qilgandan keyin ochilgan. Jurnalistlarning aniqlashicha, sobiq bosh vazirning rafiqasi Penelopa Fiyon 15 yil davomida o‘z turmush o‘rtog‘ining parlamentdagi yordamchisi sifatida ro‘yxatda turgan, biroq aslida hech qanday ishni bajarmagan. Ushbu mojaro Fiyonni prezident lavozimiga saylanish imkoniyatidan mahrum qilgan va bu Emmanyuel Makronga davlat rahbari kursisini egallash uchun imkon bergan.

Fransua Fiyon Fransiya bosh vaziri lavozimini Nikolya Sarkozi prezidentligi vaqtida 2007 yildan 2012 yilgacha egallagan. 

Mavzuga oid