Jahon | 00:44 / 30.06.2020
2970
2 daqiqa o‘qiladi

Amazon kompaniyasining Germaniyadagi bo‘limlari xodimlari ish tashlash e'lon qildi

Foto: Reuters

Kasaba uyushmasining chaqirig‘ida aytilishicha, Amazon o‘z foydasi uchun xodimlar salomatligini xavf ostiga qo‘ymoqda.

Amazon internet-kompaniyasining Germaniyadagi bo‘limlari xodimlari maoshlari ko‘tarilishi va mehnat sharoiti yaxshilanishini talab qilib ish tashlashdi.

Xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarining Verdi kasaba uyushmasi oltita markazdagi xodimlarni 48 soatdan kam davom etmaydigan ish tashlashda qatnashishga chaqirdi.  

Raynbergda 400-450, Bad-Xersfeldda 500ga yaqin Amazon xodimi ish tashlashda ishtirok etdi. Boshqa bo‘limlar xodimlari ham chaqiriqqa qo‘shildi.   

Verdi bir necha yildan buyon kompaniyadan xodimlarning mehnat sharoitini yaxshilash kafolatini beradigan yangi shartnoma tuzishni talab qilib keladi.

Kasaba uyushmasining chaqirig‘ida aytilishicha, Amazon o‘z foydasi uchun xodimlar salomatligini xavf ostiga qo‘ymoqda. Verdi vakili O‘rxan Akmanning so‘zlariga ko‘ra, gap kompaniyaning Germaniyadagi qator filiallarida koronavirus avj olgani haqida bormoqda. 

Ma'lumot berilishicha, Bad-Xersfeldda 30-40 nafar xodimda infeksiya aniqlangan. Amazon koronavirusga chalinganlarning aniq sonini aytmayapti, ammo kasallik yuqtirish ish joyida bo‘lmaganligini va epidemiyaga qarshi kurashish uchun yetarlicha choralar ko‘rayotganini ta'kidlamoqda. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid