O‘zbekiston | 10:09 / 05.07.2020
118899
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 5 iyuldan koronavirusga chalingan ayrim toifa bemorlar o‘z uyida davolanishi mumkin

Bugundan koronavirus bemorlarini davolash bo‘yicha yangi tartib amalda bo‘ladi.

Respublika maxsus komissiyasining 30 iyundagi qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar 3 toifaga ajratilgan – kasallik alomatlarsiz o‘tayotgan bemorlar, tana harorati ko‘tarilayotgan bemorlar va koronavirus infeksiyasi og‘ir kechayotgan bemorlar.

Shu munosabat bilan 5 iyuldan boshlab koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarni davolash bilan bog‘liq quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tartib joriy etilgan:

  • kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar shifokor tavsiyalari asosida, sanitariya-gigiyena qoidalari hamda parvarish uchun zarur sharoitlar mavjud bo‘lganda, uy sharoitida davolanishiga ruxsat etiladi;
  • shifoxonalarda va uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar 10 kun muddatda klinik belgilari kuzatilmagan taqdirda nazoratdan chiqarish amaliyoti joriy etiladi;
  • koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemor bilan birlamchi muloqotda bo‘lganlar 14 kunlik karantin muddatini uy sharoitida yoki tasdiqlangan ro‘yxatga asosan mehmonxonalarda barcha sanitariya-epidemiologiya va karantin cheklovlariga rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat beriladi;
  • birlamchi skrining test tahlillari musbat natija bergan namunalarni tasdiqlash tahlillarini o‘tkazish vakolati Bosh sanitar shifokor ko‘rsatmalaridan kelib chiqib hududiy sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlariga beriladi;
  • aholining populyatsion ma'lumotlar bazasini yaratish maqsadida koronavirus antitanachalariga IFA tekshirishlariga, davlat tibbiyot muassasalari bilan bir qatorda, xususiy sog‘liqni saqlash sektoridagi tibbiyot muassasalari ham jalb etilishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibi ishlab chiqiladi hamda qabul qilinadi.

Shuningdek, ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan uy sharoitida davolanayotgan kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlar va karantinga olingan muloqotdagilarni yashash manzili bo‘yicha qat'iy nazorat olib boriladi.

Kasallik alomatlarisiz kechayotgan yengil shakldagi bemorlarni uy sharoitida davolash va parvarishlash tartibini buzgan fuqarolarga nisbatan epidemiyalarga qarshi kurash talablarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlik choralari qo‘llanadi.

Mavzuga oid