O‘zbekiston | 21:20 / 06.07.2020
2455
4 daqiqa o‘qiladi

Affillangan shaxslar haqidagi ma'lumotlar davlat xaridlari maxsus axborot portalida joylashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Raqobat muhitini yanada rivojlantirish va iqtisodiyotdagi davlat ishtirokini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni imzolandi.

Farmonga ko‘ra, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab yangi tartib o‘rnatilmoqda. Unga muvofiq:

a) tarmoq va sohalarda vakolatli etib belgilangan davlat boshqaruvi organlarining asosiy vazifalaridan biri raqobat muhitini yaxshilash va uni rivojlantirish hisoblanadi hamda mazkur vazifalarni amalga oshirish rahbar va uning birinchi o‘rinbosari zimmalariga yuklatiladi;

b) davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning, shuningdek ularning affillangan shaxslarining va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarining (mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik maqsadlarida bundan mustasno) ta'sis etilishiga (tashkil etishga tashabbus ko‘rsatishga) quyidagi holatlarda yo‘l qo‘yilmaydi:

  • bitta tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkorlik sub'yektlari faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda;
  • davlat organlari tomonidan o‘zlariga litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan sohalarda.

v) yagona yetkazib beruvchi bo‘lgan yoki bunday huquq berilgan yoxud ustun (monopol) mavqega ega davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlariga faoliyati muassisining tovarlari (resurslari) yoki tarmoq infratuzilmasidan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan hamda xususiy tadbirkorlik sub'yektlari bilan raqobatlashadigan faoliyat bilan shug‘ullanadigan o‘zlarining affillangan shaxslarini tashkil etish taqiqlanadi, ushbu affillangan shaxslar raqobatchilari bilan teng shartlar asosida faoliyat yuritish sharoiti ta'minlangan holda bo‘lib yuborish natijasida tashkil etish bundan mustasno;

g) davlat ishtirokidagi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarni, shuningdek ularning affillangan shaxslarini va xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish vakolati berilgan davlat muassasalarini tashkil etish (qayta tashkil etish), mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik maqsadlarida tashkil etish bundan mustasno, monopoliyaga qarshi organning dastlabki roziligi olingandan so‘ng amalga oshiriladi;

d) davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyati va korxonasi bilan manfaatlar to‘qnashuviga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub'yekt davlat xaridlarini yoki eng yaxshi takliflarni tanlab olishning yoxud to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar ishtirokchisi bo‘lishi mumkin emas, bundan davlat tomonidan himoya qilinishi lozim bo‘lgan shaxslarning xavfsizligini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasida mudofaa qobiliyatini, xavfsizlikni ta'minlash va ichki tartibni saqlash uchun amalga oshiriladigan davlat xaridlari, shuningdek davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan davlat xaridlari mustasno;

ye) davlat buyurtmachisi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan xo‘jalik jamiyati va korxonasi tender va tanlov hamda eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartib-taomillari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishidan avval u bilan affillangan shaxslar haqidagi ma'lumotlarni davlat xaridlari maxsus axborot portalida joylashtirishga majburdir.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid