Jahon | 23:20 / 06.07.2020
8228
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya Rossiya tergov qo‘mitasi raisi va yana 24 nafar rossiyalikka qarshi sanksiyalar kiritdi

Foto: KUN.UZ

Britaniya tashqi ishlar vazirligi “Magnitskiy qonuni” doirasida sanksiyalar ostiga tushgan fuqarolar ro‘yxatini e'lon qildi. Ro‘yxatda 47 kishi, jumladan 25 rossiyalik bor bo‘lib, ular orasida Rossiya tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin, Rossiya bosh prokurori o‘rinbosari Viktor Grin va Sergey Magnitskiyning hibsga olinishi muddatini uzaytirgan sudya Aleksey Krivoruchko nomlari keltirilgan.

“Qora ro‘yxat”ga tushganlarga Britaniya hududiga kirish taqiqlanadi, ularning qirollik banklaridagi hisobraqamlari muzlatiladi. Sanksiyalarning kiritilishi haqida avvalroq Financial Times nashri ma'lum qilgan. 

“Biz oxirgi yillarda inson huquqlarining eng qo‘pol buzilishlaridan biriga aloqadorlarga qarshi sanksiyalar kiritmoqdamiz. Ro‘yxatda birinchi bo‘lib Rossiya tarixidagi eng yirik soliq firibgarligini oshkor qilgan huquqshunos Sergey Magnitskiyni qiynoqqa solish va uni o‘ldirishga aloqador shaxslar keladi”, deb aytgan Britaniya tashqi ishlar vaziri Dominik Raab.  

Rossiyaning Londondagi elchixonasi sanksiyalar e'lon qilinishini nodo‘stona qadam deb atagan. Elchixona vakili Moskva bunga nisbatan javob choralari ko‘rishi mumkinligini aytgan.

Sanksiyalar ro‘yxatiga rossiyaliklardan tashqari, rohingya musulmonlarining qatliomi uchun Myanma armiyasining ikki generali, Shimoliy Koreyaning ikki kompaniyasi, saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishiga aloqador saudiyaliklar kiritilgan.

Yevropaning inson huquqlari bo‘yicha sudi Magnitskiyning o‘limida Rossiyani javobgar deb topgan.   

Mavzuga oid