Jahon | 22:32 / 06.07.2020
4579
1 daqiqa o‘qiladi

Latviyaga uchayotgan kanadalik harbiylar koronavirus tarqalishi xavfi sababli ortga qaytarildi

Latviyaga kanadalik harbiylarni olib ketayotgan samolyot koronavirus tarqalishi xavfi sababli ortga qaytarildi. Delfi nashrining xabar berishicha, bunga samolyotdagi harbiylardan biri avvalroq koronavirusga chalingan kishi bilan muloqot qilgan bo‘lishi mumkinligi sabab bo‘lgan.

Foto: REUTERS/Ins Kalnins

Bu haqida harbiylar belgilangan manzilga yo‘lning yarmini uchib o‘tganlaridan keyingina ma'lum bo‘lgan. Natijada harbiy qo‘mondonlik harbiylarni ortga – Trentondagi bazaga qaytarishga qaror qilgan.

“Samolyot bortida kasallanish xavfi yuqori bo‘lmagan bo‘lsa-da, koronavirus tarqalishi xavfidan qochish uchun samolyotni ortga burishga qaror qilindi”, deb izoh berilgan voqeaga Kanada mudofaa vazirligida. 

Ta'kidlanishicha, voqea 2 iyulda yuz bergan, biroq u haqida endi ma'lum bo‘lgan.

Samolyotda 70 harbiy bo‘lgan, ular Latviyada NATO missiyasi davomida xizmat o‘tayotgan safdoshlari o‘rnini egallashlari kerak bo‘lgan. Endi ular 2 hafta karantinda o‘tkazib, so‘ngra yana Latviyaga jo‘natiladilar.

Ma'lum qilinishicha, ayni vaqtda Latviyada 540 kanadalik harbiy joylashtirilgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid