Jahon | 21:14 / 06.07.2020
4449
2 daqiqa o‘qiladi

Luvr muzeyi uzoq tanaffusdan keyin yana ochildi

Foto: Aleksey Tarxanov / Kommersant'

Koronavirus pandemiyasi ortida kiritilgan cheklovlar sababli deyarli 4 oy faoliyat yuritmagan Luvr muzeyi 6 iyulda yana tashriflar uchun ochildi. 

Muzey ma'muriyati koronavirusga chalinish xavfini minimallashtirish uchun tashrif buyuruvchilarga nisbatan qat'iy cheklovlar joriy qilgan. Jumladan, Fransiyaning eng yirik badiiy muzeyiga keluvchilar chiptalarni aniq ko‘rsatilgan vaqtga oldindan xarid qilishlari, navbat hosil qilmasliklari va niqob taqishlari lozim.   

Ta'kidlanishicha, tashrif uchun muzey zallarining 70 foizi ochiq bo‘ladi. Muzeyda mehmonlar intiqliq bilan kutilayotgan bo‘lsa-da, ular kuchaytirilgan sanitar xavfsizlik sharoitlarida qabul qilinadi.

Ekspozitsiyalarni tomosha qilish qat'iy bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshiriladi.

Luvr pandemiyagacha yiliga 9,6 mln kishini qabul qilgan. 2020 yil esa muzey uchun joriy asr boshidan beri eng yomoni bo‘lishi kutilmoqda. “Biz eng yaxshi holatda odatdagi tashrifchilarning 20-30 foizini kutmoqdamiz”, deb aytgan muzey prezidenti Jan-Lyuk Martinez.

Iyun oxirida Parijning yana bir diqqatga sazovor joyi – Eyfel minorasi tashriflar uchun ochilgandi.

Mavzuga oid