O‘zbekiston | 20:07 / 06.07.2020
16021
12 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud sudyasining Bo‘stonliqdagi press-turda qatnashganiga doir tanqidlarga munosabat bildirildi

2 iyul kuni jurnalistlar uchun Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga press-tur tashkillashtirilgan, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘layotgan «snos»lar bo‘yicha ma'lumot berilgan edi. Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovning ham ijro organlari bilan birgalikda ushbu tadbirda ishtirok etishi va bildirgan fikrlari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Oliy sud mazkur tanqidlarga munosabat bildirdi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

Rasmiy munosabatda sud organi ijroiya hokimiyatiga «advokatlik qilmoqda» deya talqin qilinganiga e'tibor qaratilgan.

«Bir necha kundan buyon Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur, ushbu tadbirga Oliy sud rahbariyatining ishtiroki, shuningdek, noqonuniy qurilishlarga nisbatan ko‘rilayotgan qonuniy chora-tadbirlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bu fikr-mulohazalarga hurmat bilan yondoshgan holda sud tizimi faoliyati xususidagi ayrim noxolis va asossiz fikrlarga oydinlik kiritishni lozim topdi.

Bunday asossiz tanqidlar ba'zi hollarda odob-axloq me'yorlaridan chetga chiqib, hatto jamiyatning faol a'zolari, xususan, deputat maqomidagi insonlar tomonidan ham bildirilayotgani masalaga shunday yondashishni taqozo etadi.

Avvalo, shuni ta'kidlash kerakki, Bo‘stonliq tumaniga uyushtirilgan press-tur tashkilotchisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi emas. Ayni tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga xolis va haqqoniy axborot yetkazish, bu jarayonda noqonuniy qurilmalarni buzish yuzasidan Oliy sud sudyalari tomonidan qabul qilingan sud qarorlariga tushuntirish berish bo‘lgani bois Oliy sud rahbariyati tashkilotchi-ishchi guruhining, press-tur ishtirokchilari bo‘lgan jurnalist va blogerlarning qat'iy talabiga ko‘ra, ishtirok etish haqidagi taklifni (yanayam aniqrog‘i, xabarni) qabul qildi.

Qolaversa, sud hujjatlariga tushuntirish berish sudning to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakolatiga kiradi. Shunga qaramay, huquqiy tushuntirishlarni go‘yoki sud organi ijroiya hokimiyatiga «advokatlik qilish» tariqasida talqin qilib, bu haqda ijtimoiy tarmoqlar orqali bong urish, yumshoq qilib aytganda, mas'uliyatsizlik va «oq»ni «qora» deyishdan boshqa narsa emas.

Ikkinchidan, Bo‘stonliqdagi ayrim qurilmalarni buzishga oid nizolar o‘sha joyning o‘zida, ya'ni sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqilmoqda.

Aslida sayyor sud majlislari tomonlarga qulaylik yaratish maqsadida tashkillashtiriladi. Biroq o‘tkazilgan sayyor sud majlislari mohiyatini to‘g‘ri tushunmay, keng jamoatchilikka sudyalarni go‘yoki «hasharga kelgan shaxs» sifatida talqin etishni bir tomondan, huquqiy savodsizlik, ikkinchi tomondan, sud obro‘yiga putur yetkazishga urinish, deb baholash mumkin.

Uchinchidan, nizolarni birinchi instansiyada Oliy sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgani – sud qarorlariga nisbatan tomonlarning shikoyat berish huquqini cheklamaydi va bu press-tur jarayonida mas'ul shaxslar tomonidan alohida qayd etilgan.

Nihoyat, to‘rtinchidan, amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibga rioya qilmasdan egallab olingan yer uchastkalari va bajarilgan qurilishlarni buzishdan o‘zgacha tartib belgilanmagan. Sud qarorlari asosida buzilishi belgilangan qurilmalarga oid hujjatlar qalbakilashtirilgani, buning ortidan o‘nlab shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, bir qancha shaxslar hibsga olingani inkor etib bo‘lmaydigan faktdir», – deyiladi Oliy sud matbuot xizmati e'lon qilgan bayonotda.

Oliy sud buzilishi belgilangan imoratlarning birontasi odam yashayotgan xonadon emas, balki aksariyati qurib bitkazilmagan qurilmalar ekani, bitkazilgani ham dala hovlilarni tashkil etishini eslatib o‘tgan.

«Ushbu qurilmalar qalbaki hujjatlar asosida 2019 yilning oxiriga kelib qurib boshlanganiga shubha-gumon bilan qaraganlar «Sil kasalliklari sihatgohi»ga tegishli yerni talon-taroj qilinishiga panja orqasidan qarayotgan muassasa rahbari yoki o‘zi ham o‘zboshimchalik bilan uy qurib olgan mahalla raisidan so‘rab yurmasdan, jinoyat ishi hamda fuqarolik ishi materiallari bilan tanishib chiqishsa, binolar qachon qurilganini aniq bilmoqchi bo‘lganlar nizoli yer maydonini internet tarmog‘ining «Google Maps» tizimi orqali aniqlashi mumkin (press-turda Oliy sud rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga yilma-yil ma'lumot planshetda ko‘rsatilgan)», – deyiladi xabarda.

Biroq bayonotda Bo‘stonliqdagi «snos»larga oid jinoyat ishi va fuqarolik ishi materiallari bilan qaysi resurs orqali tanishish mumkinligiga oydinlik kiritilmagan.

Mavzu yuzasidan kim nima degan edi?

Bloger Qobil Xidirov Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovning press-turda ishtirok etishi sudlarning obro‘siga, mustaqillik prinsiplariga to‘g‘ri kelmasligini ta'kidlagan.

«...Xolmo‘min Yodgorov hududda olib borilayotgan «snos» ishlari bo‘yicha izoh bergan va albatta, «snos»larning o‘rinligi ekanligini qayd etgan.

Oliy sud rahbariyatining bunday tadbirlarda ishtirok etishi, nazarimizda, sudlarning obro‘siga, mustaqillik prinsiplariga to‘g‘ri kelmaydi. Shu joyga borganining o‘ziyoq va bunday intervyu bergani, ayniqsa, uning mazmuni kelajakdagi sud ishlari uchun noxolislik taassurotini uyg‘otishi mumkin. Sud o‘zining ishini, ijro organi o‘zining ishini qilgani ma'qul», deydi u.

Bloger va iqtisodchi Otabek Bakirovning qayd etishicha, qonuniyligiga shubha bo‘lgan yer va mulklarni yoppasiga buzish va musodara etishdan avval masala sudda ko‘rilib, aybdor aniqlanishi kerak.

«...Sudya nizolashayotgan taraflardan bir sifatida gapirishi, bilmadim, yana qaysi mamlakatda mumkin. Boshqa bir normal mamlakat bo‘lganida darrov iste'fosi so‘ralardi. Chunki bunday reputatsiya bilan hech kim sudya bo‘lib qololmaydi.

Albatta, qurilishlar va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlarning legitimligini ta'minlash muhim. Lekin nega qonuniyligiga savol bo‘lgan yer va mulklarni yoppasiga buzish va musodara etishdan avval masala sudda ko‘rilib, aybdor aniqlanib, yetkazilgan zararni o‘sha aybdordan undirish haqida birov bir nima demaydi?

Chunki sud majlislarida, ayniqsa ular ochiq va jamoatchilik kuzatuvida o‘tsa, bunday ishlarning boshida eski va yangi hokimlarning o‘zlari turgani, o‘n yillar davomida soqqasini olib yerlar ajratgani, ochiqchasiga yer sotgani ma'lum bo‘lib qoladi.

Ko‘p bor ta'kidlaganimizdek, bu nomenklatura o‘zini, o‘zinikilarni sotmaydi.

Afsuslar bilan hozirdanoq aytish mumkin, Bo‘stonliq ishi bo‘yicha bironta sobiq va amaldagi hokim jazolanmaydi, ulardan biron so‘m jarima yo tovon undirilmaydi, lekin yuzlab odamlar yeriga va mulkiga kuyib qolaveradi», deb yozgan bloger.

Oliy Majlis deputati Rasul Kusherboyev hamma o‘z ishini qilishi kerak, deb hisoblaydi.

«...Joylardagi ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, noqonuniy qurilmalarni aniqlash va sudga topshirish bu ijro hokimiyatining barcha bo‘g‘inlari tabiatiga xos normal holat. Ishqilib sudga topshirib, sud qarorini kutsa bo‘ldi. Uyog‘i mustaqil, adolatli, faqat qonunlarga bo‘ysunib ishlaydigan xalqparvar sudga bog‘liq.

Albatta, shunday sifatlarga ega bo‘lgan sud hech kimning burnini qonatishga yo‘l qo‘ymaydi, oddiy fuqarolarning huquqlarini himoya qiladi.

Biroq bu harakatlarning qonuniyligini ko‘rib chiqib, davlat va fuqaro o‘rtasidagi huquq va vakolatlar balansini ushlab turishi kerak bo‘lgan sud o‘z vazifasini unutib, xolislikni buzsa, qaysidir tomonga yon bossa, odamlarda hafsala pir bo‘ladi, investorlar qochadi, atrofni xalq xizmatkori qiyofasidagi bir guruh kuchlar, «mafiyalar» egallaydi.

Umid qilamanki, sud tizimi xolislikni hech qachon yo‘qotmaydi. Buni tushunmagan, obro‘sini tushirgan vakillarini tarbiyalaydi yoki ularsiz bo‘lsa ham xalqqa xizmat qilishda davom etishga jur'at topa oladi», deb yozadi xalq vakili.

Press-turda nimalar haqida so‘z bordi?

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov korrupsiya, mahalliy organlarning ham e'tibor qaratmagani bugungi «snos»larga sabab bo‘layotganiga urg‘u berdi.

Unga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan uy, «dacha» qurganlar davlat organlarida ham o‘zimizga o‘xshagan odamlar ishlaydi, bir narsa xohlaydi, qaysidir ehtiyojini qilib beramiz, degan fikrda yurgan. «Qonun barchaga barobar», deb aytgan hukumat vakili.

«Davgeodezkadastr» qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzodxo‘ja Habibullayev Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi 24 «dacha» bilan bog‘liq muammoga joylardagi vakolatli organlarning o‘z vazifasiga mas'uliyatsizligi ham sabab bo‘lgani, davlat idoralari xodimlaridan ham xato o‘tgan joylari borligini tan olgan.

Oliy sud raisi o‘rinbosari Xolmo‘min Yodgorovning bildirishicha, ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan 24ta «dacha»ning hujjatlari 1998 yilda rasmiylashtirilgan, ularni mahalla raisi qalbakilashtirib, korrupsiya orqali tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini chiqartirib olgan. Biroq u bu ishlardan mutlaqo bexabar odamlar tomonidan sotib olingan, ya'ni aybsiz aybdor bo‘lib qolgan «dacha»larning yangi egalariga nima uchun kompensatsiya to‘lanmasligiga qonuniy asos keltirmagan.

Chimyon bolalar sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani hududida o‘zboshimchalik bilan qurilgani aytilayotgan 24ta uy egalari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda buzilishi rejalashtirilgan imoratlar joylashgan yer sihatgohga tegishli emasligini aytishgan. Bu ma'lumotni muassasa direktori Norinboy Niyozmetov Kun.uz`ga ham tasdiqlagan.

Toshkent viloyati prokurori Salom Samadovning ma'lum qilishicha, Bo‘stonliq tumanidagi sil kasalligiga qarshi kurashish davolash maskani atrofidagi dala hovlilar noqonuniy qurilishiga aloqadorlikda ayblanib 10 kishi qamoqqa olingan. Prokurorning aytishicha, ular orasida tuman hokimi o‘rinbosari, tuman «Yermulkkadastr» bo‘limi xodimi, mahalla raisi va maklerlar bor.

Mavzuga doir:

Mavzuga oid