O‘zbekiston | 22:25 / 06.07.2020
14764
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda suyultirilgan gazdan foydalanuvchi xonadonlar soni tabiiy gazga ulanganlaridan ko‘proqligi ma'lum bo‘ldi

Bugungi kunda O‘zbekistonda gazlashtirilgan xonadonlarning jami soni 7 mln 150 mingdan ortiqni tashkil qilmoqda. Ularning 3 mln 568 mingdan ortig‘i tabiiy gaz, qolgan 3 mln 581 mingdan ortig‘i suyultirilgan gaz bilan ta'minlanmoqda.

Bu haqda Energetika vazirligi maxsus shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Eshonqulov onlayn brifingda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Respublikamiz iste'molchilariga tabiiy gaz 408ta gaz taqsimlash stansiyalari, 89 ming 172 km uzunlikdagi gaz quvurlari, 80 ming 304ta gaz taqsimlash punktlari orqali yetkazib berilmoqda.

2020 yil boshidan iste'molchilarga rejaga nisbatan 34,3 mln. kub metr ko‘p, shundan aholiga 55 mln. kub metr hamda ulgurji jismoniy shaxslarga 18,7 mln. kub metr tabiiy gaz kam yetkazilib berildi.

Ulgurji jismoniy shaxslarning rejadan kam gaz iste'mol qilganiga karantin rejimida faoliyat yuritmagani sabab bo‘lgan. Shuningdek, joriy yil boshidan aholi xonadonlariga 252 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

Bundan tashqari, tabiiy gazni yetkazib berish, uning hisobini yuritish hamda to‘lovlarni amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinmoqda. Bunda 2020 yilning 1 iyulidan e'tiboran magistral gaz quvurlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulangan yirik iste'molchilardan tashqari barcha iste'molchilarga tabiiy gazni sotish funksiyasi «Hudud gaz ta'minot» AJga o‘tkazildi.

Shuningdek, 2020 yilning 31 dekabriga qadar «O‘ztransgaz» AJ magistral gaz uzatish tizimiga ulangan strategik ahamiyatga ega yirik iste'molchilardan boshqa barcha iste'molchilar «Hudud gaz ta'minot» AJning gaz taqsimlash tarmoqlariga tabiiy gazni yetkazib berish shartnomasini qayta tuzgan holda bosqichma-bosqich o‘tkazib boriladi.

Rejaga muvofiq, 2020-2021 yillarda respublikaning barcha turdagi iste'molchilarini tabiiy gaz hisobi va nazoratining avtomatlashtirilgan tizimiga ulash ishlari amalga oshiriladi. Bunda respublika bo‘yicha 3 546 148ta aholi xonadonlariga yangi turdagi elektron gaz hisoblagichlari o‘rnatiladi.

Zamonaviy elektron gaz hisoblagichlarni ishlab chiqarish bugungi kunda mahalliylashtirilgan bo‘lib, ularni o‘rnatish bo‘yicha joylarda keng qamrovli ishlar amalga oshiriladi. Hozirgacha aholi xonadonlariga mana shunday 106 ming 248 dona gaz hisoblagichlari o‘rnatildi. Buning uchun 830ta brigadalar jalb qilingan bo‘lib, 7 ming donagacha gaz hisoblagichlari o‘rnatilmoqda.

O‘tgan 2019-20 yil kuz-qish mavsumida respublika bo‘yicha 359 ming 808ta aholi xonadonlarida gaz bo‘yicha muammolar aniqlangan. Bunga tabiiy gaz bosimining keskin pasayib ketishi sabab bo‘lgan.

Bundan salbiy holatlarning oldini olish bo‘yicha yangi «Geofarmatsion» tizimi joriy qilinadi. Bu tizim bilan biz gaz ta'minotida uzoq yillardan beri kelayotgan muammolarga barham berish, uzilishlarni yo‘qotish, noqonuniy ulanishlarning oldini olish, inson omili yuqori bo‘lgan jarayonlarni keskin kamaytirish va korrupsion holatlarni kamaytirishga erishamiz», dedi Energetika vazirligi maxsus shtabi boshlig‘i o‘rinbosari Akmal Eshonqulov.

Mavzuga oid