Jahon | 19:45 / 08.07.2020
6587
4 daqiqa o‘qiladi

Tojikistonda ko‘chada niqob taqmasdan yurganlik uchun jarimaga tortish boshlandi

Tojikistonda Jinoyat kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kirdi: endi tibbiyot niqobi taqmay yurish, uydirma ma'lumotlar tarqatish jarimaga sabab bo‘ladi, koronavirus infeksiyasini tarqatganlik uchun - qamoq jazosi beriladi.

Foto: Abdulloh G‘urbatiy / Asiaplustj.info

Kodekslarga kiritilgan o‘zgarishlar matni bugun, 8 iyul kuni hukumatning «Jumhuriyat» gazetasida e'lon qilindi va chop etilgan sanadan rasman kuchga kirishi ham e'lon qilindi. Chunki Tojikiston qonunchiligida soliqlar va jarimalar haqidagi o‘zgartirishlar rasman chop etilgan sanadan bir oy o‘tib kuchga kirishi belgilangan.

O‘zgarishlarga ko‘ra, jamoat joylarida tibbiyot niqobisiz yurganlik uchun fuqarolar 116 somoniydan 290 somoniygacha (116 ming — 290 ming so‘mga to‘g‘ri keladi) jarimaga tortiladi. Yuqumli kasalliklar, jumladan koronavirus infeksiyasini tarqatganlik uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.

Xavfli yuqumli kasalliklar to‘g‘risida uydirma ma'lumotlarni jumladan OAV va internet orqali tarqatish uchun jarima sanksiyalari qo‘llaniladi — jismoniy gaxslar uchun 580 somoniydan boshlab, yuridik shaxslar uchun esa 11 ming 600 somoniydan boshlab.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bunday o‘zgartirishlar 26 mart kuni amalga oshirilgan edi. O‘shanda prezident Sh.Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi.

Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksi karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatishda ifodalangan yangi 244-5-modda bilan to‘ldirilgan edi.

Endilikda, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatish — BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Ushbu ma'lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki ommaviy axborot vositalari, shuningdek internet orqali tarqatish — BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, qonunga muvofiq Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 54-moddasi tahriri o‘zgartirilgan.

Unga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish — BHMning 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, shu jumladan karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida shifoxonadagi ichki tartibga rioya etmaslik, davlat sanitariya nazorati organlarining tibbiy tekshiruvdan o‘tish va davolanish, karantinni o‘tash uchun belgilangan joylarga yetib borish va ushbu joylarni belgilangan muddat davomida tark etmaslik, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik — fuqarolarga BHMning 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid