11:54 / 09.07.2020
15013

20 kunlik karantinda boshqa profildagi shifoxonalar o‘z rejimiga qaytishi kutilmoqda

8 iyul kuni AOKAda Maxsus komissiyaning karantinni kuchaytirish haqidagi qarori yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda koronavirusga moslashtirilgan boshqa profildagi tibbiyot muassasalari, xususan, kardiologiya shifoxonalari o‘z rejimiga qaytishi masalasi ko‘tarildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichi o‘tgan yili 60,3 foizni tashkil etgan. Kardiologiya xastaliklari bilan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari eng yuqori hisoblanadi.

«Barcha viloyatlarda tarkibida shoshilinch tibbiy xizmat bo‘lgan kardiologiya ilmiy markazi bo‘limlari mavjud. Ular koronavirusni davolash uchun qayta moslashtirilmagan.

Toshkenda 7ta kardiologiya muassasasi mavjud bo‘lib, ulardan faqat bittasi koronavirusni davolash uchun moslashtirildi. Qolganlari kardiologiya tizimida ishlashda davom etmoqda», deya tibbiyot fanlari nomzodi, professor Anvar Alimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 10 iyuldan 1 avgustga qadar davom etadigan 20 kunlik qat'iy karantin davrida koronavirusga moslashtirilgan boshqa profildagi shifoxonalarni bo‘shatib olish kutilmoqda.

«Kasallikni yengil kechirayotgan bemorlarni uyda davolash rejimini joriy etish sog‘liqni saqlash tizimini «yengillatib olish», virusni davolash uchun mo‘ljallangan shifoxonalarnigina saqlab qolgan holda, boshqa profildagi kasalxonalarni bo‘shatib olish imkonini beradi.

Koronavirus bemorlarining 50 foizini uyda davolashga o‘tsak, katta yutuq bo‘ladi. Hozirgi karantinda tibbiyot tizimining imkoniyatlarini chamalab olish, boshqa ixtisoslikdagi tibbiy xizmatlarni o‘z profiliga yo‘naltirish imkonini beradi», deydi Alimov.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, professor Habibullo Oqilov Zangiota tumanidagi davolash muassasasi koronavirus bemorlarini davolashda asosiy yukni o‘ziga olishi kutilayotganini aytib o‘tdi.

«Koronavirusni yengil o‘tkazayotgan bemorlar uyda davolansa, qolgan bemorlarni Zangiotadagi davolash muassasasi o‘ziga olishi mumkin. U yerda hozir 1000ta koyka mavjud, yana 1000ta koyka tayyorlanyapti. Zangiota davolash muassasasi 2000ta koyka bilan barcha bemorlarni o‘z zimmasiga olsa, boshqa profildagi shifoxonalar o‘zining avvalgi rejimiga qaytadi», deydi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top