O‘zbekiston | 20:29 / 09.07.2020
6096
2 daqiqa o‘qiladi

«Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd»ning davlat ulushi xususiy investorga sotiladi

«Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd» MChJ ustav kapitalidagi ulushning 57,118 foizi «O‘zbekoziqovqatxolding» xolding kompaniyasiga va 42,882 foizi The Coca-Cola Export Corporation (AQSh) kompaniyasiga tegishli.

«Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd» ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiy investorga sotiladi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, oziq-ovqat sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish, chet el investitsiyalarini jalb qilib sohaga zamonaviy ishlab chiqarish va boshqaruv texnologiyalarini joriy etish maqsadida qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan aynan shunday vazifa belgilandi.

“Ushbu jarayonning samaradorligi va oshkoraligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi. Investorlar bilan ishlashni tashkil qilish, shuningdek, davlat manfaatlarini himoya qilish maqsadida dunyoning yetakchi banklaridan moliyaviy maslahatchi sifatida JP Morgan, Rothschild & Co, Credit Suisse banklari orasidan biri tanlanadi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, "Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd” ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish jarayonini umumiy muvofiqlashtirish, shu jumladan birinchi bosqichda kompaniyani baholash (due diligence), sotish strategiyasini ishlab chiqish, biznes plan va moliyaviy model tayyorlash vazifalari qo‘yiladi. Ikkinchi bosqichda salohiyatli investorlarni aniqlash uchun raqobat jarayonini tashkil qilish, munozaralarda ishtirok etish, eng yaxshi taklifni tanlash bo‘yicha maslahat berish, sotish hujjatlarini tayyorlash va imzolashni tashkil qilish xizmatlarini taqdim etadilar.

Ma'lumot uchun, hozirgi kunda “Coca-cola Ichimligi Uzbekiston, ltd” mas'uliyati cheklangan jamiyati ustav kapitalidagi ulushning 57,118 foizi “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasiga va 42,882 foizi The Coca-Cola Export Corporation (AQSh) kompaniyasiga tegishli.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid