O‘zbekiston | 20:01 / 09.07.2020
22809
2 daqiqa o‘qiladi

Maqsadsiz yurganlar qanday aniqlanadi? Milliy gvardiya 3 kishidan ko‘p to‘planganlarga e'tibor qaratadi

«Karantin davrida Milliy gvardiya xodimlari do‘kon yoki dorixonadan biror narsa xarid qilish uchun chiqqanlarga emas, ko‘proq bekat yoki ko‘chalarda 3-4 kishi bo‘lib to‘planib olganlarga e'tibor qaratadi. Mas'uliyat esa, ko‘proq ota-onalar zimmasida bo‘lishi kerak».

Bu haqda Milliy gvardiya axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov AOKAda bo‘lib o‘tgan tadbirda ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Yuqorida maqsadsiz yurganligi aniqlansa, deb qayd etdingiz. Maqsadsiz yurgani qanday aniqlanadi? Chunki o‘tgan safar ayni shu holat ko‘p tushunmovchilikka sabab bo‘ldi. Masalan, dorixonaga yarim kechasi soat 23da borayotgan fuqaro dorixonaga borayotganini isbotlay olishi dargumon. Bu kabi masalalarga qanday yechim topiladi?» – deya Kun.uz muxbiri bergan savolga Milliy gvardiya rasmiysi quyidagicha javob berdi.

«Jamoat tartibini saqlash Milliy gvardiya va IIV xodimlarining xizmat burchi hisoblanadi. Fuqarolarning mushkulini oson qilishni xizmatga chiqishidan oldin xodimlarga alohida ta'kidlaymiz.

Fuqarolar uydan chiqib do‘kondan biron narsa xarid qilishi va qaytib uyga kirib ketishi holatlarida ularga to‘g‘ridan to‘g‘ri savol berishdan o‘zimizni uzoqroq tutamiz. Lekin bekatlarda to‘planishi, o‘rtoqlarini telefonda chaqirib, yig‘ilib turish holatlariga e'tibor qaratamiz.

Yoshlarning, farzandlarimizning ko‘chalarga chiqishi borasida ota-onalarning mas'uliyatini ko‘proq oshirsak, menimcha, maqsadga muvofiq», – dedi Milliy gvardiya Axborot xizmati rahbari Davron Jumanazarov.

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid