Yaqinda Toshkent ko‘chalarida bir guruh ayollarning zamonaviy til bilan aytganda, feministik g‘oyalari aks ettirilgan yozuvlarni tutgan holda fleshmob o‘tkazganiga guvoh bo‘ldik. Tabiiy ravishda, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda ham, turli saytlarda, bloglarda muhokamalar markazida bo‘ldi. Shundan ham xulosa qilish mumkinki, fleshmobchilar o‘z niyatlariga yetdilar, ya'ni turli doiralarda ularning fikrlari «eshitildi», muhokama qilindi.

Ammo bu mavzu qaysi yo‘nalishga qarab ketdi-yu, masalaning asl mohiyatiga qay darajada teginildi, keling shu haqida fikr yuritamiz.

Inkor etmayman, O‘zbekistonda aynan ko‘tarilgan masalalarda huquqsizlik bor. Bu mavzu allaqachon ko‘tarilishi, tegishli doiralarda yechim izlanishi va shunchaki, ma'naviy-ma'rifiy o‘gitlar doirasida qolib ketadigan masala bo‘lmasligi kerak. Menga eng yoqmagani — vaziyat huquqsizlik illatidan chiqib, mafkuraviy tortishuvga aylanib ketganidir.

Ya'ni, bir qaraganda, go‘yoki ayollarga bo‘lgan hozirgi munosabat o‘zining ko‘p yillik mafkuraviy asoslarga ega bo‘lgan sarqitdan iborat, deb o‘ylaydigan zamonaviy qarash, birinchisi — o‘sha fleshmobchilar. Ikkinchisi esa, rostdan ham, bu holatda muammo ko‘rmaydigan va aynan shu shaklni to‘g‘ri, hatto diniy asosga ega bo‘lgan qarash deb biladiganlar — ular zo‘r berib fleshmobchilarga qarshilik qilishdi.

Avval mana shu mavzularni ajratib olishimiz lozim.

Har qanday mafkuradagi haq-huquqlar, erkinliklarga baho berishda yashalayotgan turmush tarziga emas, ruxsat berilgan chegaralarga qarash to‘g‘riroq bo‘ladi. Sababi — turmush tarzi faqat mafkura va o‘lchovlar ustiga qurilmaydi, zamon va makon, urf-odatlar ham chuqur ahamiyat kasb etganidan, hammasi aralashib, chalkashib ketishi mumkin.

Masalan, Islom dinida ayol kishining o‘rni deganda biz faqat uyda o‘tiradigan, bola tug‘ib ularga qaraydigan, jamiyatdan uzilgan, erining har qanday boshqaruviga chidaydigan shartlarni ko‘z oldimizga keltiramiz. Ammo Islom tarixiga qaraganimizda, rostdanam shundaymi? Payg‘ambarimiz (s.a.v.) davrlarida ayollarning erkinlik chegarasi qayerlargacha borgan?

Aytaylik, payg‘ambarimiz (s.a.v.) vafotidan so‘ng, ularning qizi Fotima (r.a.) ma'lum xususda qat'iy o‘z siyosiy pozitsiyalarini ma'lum qilganlar. Bu o‘z vaqtida payg‘ambarimiz (s.a.v.) boshqalardan alohida ajratmagan «qizim Fotima o‘g‘irlik qilsa ham, jazolayman», deb misol keltirilgan ayol bilan bog‘liq vaziyat. Oysha (r.a.) davlat taqdiri hal qilinayotgan o‘ta jiddiy ziddiyatlarda markaziy o‘rinni egallaganlar. Ya'ni hech kim ularga «bu ayol kishining ishi emas, uyingda aralashmay o‘tir», qabilidagi e'tirozda bo‘lmagan.