Jamiyat | 16:28 / 11.07.2020
50897
7 daqiqa o‘qiladi

«Ko‘kdumaloq»dan ishdan haydalgan xodim sud orqali ishga tiklangach, bir kun o‘tib yana bo‘shatildi

Qashqadaryoning Kasbi tumanida yashovchi, yolg‘iz ayolning to‘rt farzandidan biri - Doniyor O‘roqovning ishga joylashib, onasiga ko‘makchi bo‘la boshlagani ham o‘ziga xos quvonchli voqea.

Uning onasi 2016 yil dekabr oyida prezidentga yozma murojaat qilib, oilaviy sharoitini tushuntiradi va o‘g‘liga ish topib berishni so‘raydi:

«... Hurmatli Prezident! Men yolg‘iz onaman, 4 nafar farzandim bor. Sizning ko‘magingizga muhtojman! Qiynalib katta bo‘lgan to‘ng‘ich farzandim Doniyor O‘roqovni oilamizni boqish uchun gazni qayta ishlash («Ko‘kdumaloq») zavodiga ishga joylashtirishga yordam berishingizni so‘rayman».

Murojaatdan so‘ng ko‘p o‘tmay Doniyor O‘roqov Muborakdagi gazni qayta ishlovchi «Ko‘kdumaloqgaz» O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasiga ishga qabul qilinadi.

Korxonaning o‘sha vaqtdagi direktori Zokir Jabborov yosh yigitni iliq munosabat bilan, yordamchi ishchi (podsobnyy rabochiy) lavozimiga ishga qabul qilib, joyi kelganda g‘amxo‘rlik qiladi, joyi kelganda ko‘mak berib turgan.

«Avvaliga hech qanday muammo yo‘q edi. Onamning orzusi ushalib, bor kuchim bilan mehnat qildim. Korxonamizda barchada bo‘lmasa-da ayrimlar ongida tanish-bilishchilik borligi ba'zan ruhiyatimga ta'sir qilar, bunday yirik qo‘shma korxonaga «tasodifan» kelib qolganim, bu vaqtincha ekanini aytadiganlar ham bor edi. Bunga e'tibor bermay mehnatimni qilaverdim. Ammo 2019 yil iyulida rahbarimiz boshqa ishga o‘tib ketgach, «ortiqcha» ekanligim bilina boshladi. 2020 yil 2 mart kuni ishdan haydaldim. Bu men uchun ham, onam uchun ham qattiq zarba bo‘ldi», – deydi Doniyor O‘roqov.

Bizga ma'lum bo‘lishicha, o‘tgan uch yil davomida Doniyor O‘roqov biror marta hayfsan yoki ogohlantirish olmagan (tahririyatda bu haqda Doniyorning onasi bilan telefon orqali suhbatda korxona boshlang‘ich kasaba tashkiloti rahbarining o‘zi ma'lum qilgani aks etgan audioyozuv bor). Demak, mehnat qoidalariga rioya qilgan. Ammo uni ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi korxona rahbari buyrug‘ida «sababsiz ishga kelmagani» asos qilib olingan.

Doniyor O‘roqov mazkur holat yuzasidan qator idoralarga murojaat qiladi. Jumladan, uning murojaatlari yuzasidan Kasbi tuman prokuraturasi javob xatida Doniyor O‘roqovning ishdan bo‘shatilgani qonuniy va asosli ekani ma'lum qilinadi. Qashqadaryo viloyat kasaba uyushmalari tashkiloti birlashmasi ham uning «asosli» tarzda ishdan bo‘shatilganini bildiradi.

Shundan so‘ng, D.O‘roqov sudga murojaat qiladi. 2020 yil 17 iyun kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Koson tumanlararo sudi ishni ko‘rib chiqib, Doniyor O‘roqovni ishdan bo‘shatishda qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilgani qayd etiladi. Sud «Ko‘kdumaloqgaz» O‘zbekiston-Shveytsariya qo‘shma korxonasiga Doniyor O‘roqovni ish joyiga tiklash majburiyatini yuklaydi.

Darvoqe, bu orada korxona rahbari O.Umarov Doniyorning onasi bilan muloqotda uning sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi so‘zlar bilan haqoratlashga ham ulguradi. Muborak tuman ma'muriy sudida mazkur holat ham tasdiqlanib, korxona rahbari iqrorligini va chin ko‘ngildan pushaymonligini bildiradi. Shu sababdan sud O.Umarovni ma'muriy javobgarlikdan ozod etib, ogohlantirish bilan kifoyalanadi.

Ammo eng g‘alati holat shundan keyin boshlanadi. Sud qarori bilan ishiga qayta tiklangan Doniyor O‘roqov bir kun ishlagach, ertasi kuni ishdan bo‘shatiladi.

Doniyor O‘roqov 29 iyun kuni ishga tiklash to‘g‘risidagi sud qarori va Muborak tuman Majburiy ijro byurosi xati korxonaga yetib kelgach, 30 iyun kuni korxona tomonidan chaqirilib, ishga tiklanadi. 1 iyul kuni esa korxonaga kiritilmaydi.

Korxona boshlang‘ich kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisining D.O‘roqovga ma'lum qilishicha (ushbu suhbat audioyozuvi tahririyatda bor), korxonada xodimlar bilan har olti oyda qaytadan mehnat shartnomasi tuziladi. D.O‘roqovning shartnomasi esa 1 iyul kuni tugaydi va qayta shartnoma tuzilmaydi.

Boshqacha aytganda, o‘z huquqini tiklash uchun shuncha sarson-sargardonliklardan so‘ng, sud orqali haqligini isbotlagan ishchi oxir-oqibat ikki kun ham ishlay olmadi. Bilagida kuchi bor, tinchgina ishlash maqsadiga yetisholmayotgan, 27 yoshga kirib hali uylanishga ham qo‘li kaltalik qilayotgan yigitning shashtini sindirish bundan ortiq bo‘lmasa kerak.

Amaldagi mehnat qonunchiligi ish beruvchidan ko‘ra ko‘proq xodimning manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ayrim ish beruvchilar xodimlaridan «oson qutulish»ning ayyorona yo‘llaridan foydalanishadi. Bulardan eng keng tarqalgan «usuli» – xodim bilan u bajaradigan ishning xususiyati va ahamiyatidan qat'i nazar muddatli mehnat shartnomasi tuzishdir.

Biroq Mehnat kodeksining 76-moddasida ish beruvchining muddatli mehnat shartnomasi tuzish huquqini cheklashga oid qoidalar nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, muddatli mehnat shartnomalari bajarilajak ishning xususiyati, uni bajarish shartlari yoki xodimning manfaatlarini hisobga olgan tarzda, nomuayyan muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomalarini tuzish mumkin bo‘lmagan hollardagina tuzilishi mumkin.

Ishlayman degan oddiy oilada o‘sgan bir yigitning boshdan o‘tkazganlari mana shular. Albatta, mazkur holat bo‘yicha mazkur korxonaning ham izohini kutib qolamiz.

Shu bilan birga, uning bir kun ishlab korxonadan yana quvilishi qanchalik qonunga mos kelishi yuzasidan tegishli tashkilotlar ham o‘z fikrini bildiradi, degan umiddamiz.

Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid