Jamiyat | 18:41 / 03.09.2025
11336
2 daqiqa o‘qiladi

Kasbi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutaxassisi “kasbini o‘zgartirdi”: u tovlamachilik qilayotganda ushlandi

Mutaxassis ijtimoiy tarmoq orqali o‘zini qiz bola sifatida tanishtirib, erkak bilan ishqiy munosabatda bo‘lib gaplashib yurgan. So‘ngra erkakning yalang‘och holatdagi videosini qo‘lga kiritib, uni tarqatmaslik evaziga 2 ming dollar talab qilgan.

Foto: Unsplash

Kasbi tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mutaxassisi tovlamachilik qilgani uchun jinoiy jazoga tortildi. 36 yoshli K.U. (erkak) ijtimoiy tarmoq orqali o‘zini ayol sifatida tanishtirib kelgan.

Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, K.U. 2025 yil 9 iyun kuni fuqaro Sh.Q.ga Telegram orqali yozib, o‘zini qiz bola sifatida tanishtirgan. So‘ngra u bilan ishqiy munosabatda muloqot qilib kelgan.

K.U. ishqiy yozishmalar davomida Sh.Q.ning yalang‘och holati aks etgan videotasvirni qo‘lga kiritgan. So‘ngra aslida o‘g‘il bola ekanini bildirib, videotasvirni tarqatishini aytib, Sh.Q.ni qo‘rqitgan. Mutaxassis bu ishni qilmaslik uchun 2 ming dollar talab qilgan. U 2025 yil 13 iyun kuni soat 18:00 larda Kasbi tumani Oqqamish mahallasi hududida 1 000 dollar olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati IIB xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan.

K.U. sudda aybiga iqrorlik bildirgan.

2025 yil 9 iyun kuni Sh.Q.ga Telegram orqali qiz bola sifatida yozdim va u bilan birga bo‘lishni xohlashimni aytdim. So‘ngra yalang‘och holatdagi videosini tashlashni so‘radim. U 4 sekundlik video jo‘natdi. Videoni tarqatishni aytib, 2 ming dollar talab qildim. 1 000 dollarga kelishdik. Qilmishimdan afsusdaman”, degan mutaxassis o‘z ko‘rsatmasida. U qaramog‘ida 3 nafar farzandi borligini ma’lum qilib, suddan yengillik so‘ragan.

Sud hukmi bilan K.U. Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.  

Mavzuga oid