Komil Allamjonov koronavirusga chalinib sog‘ayganini ma'lum qildi
Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov COVID-19'ni yuqtirib olgani va kasallikdan davolanib chiqqanini ma'lum qildi.
Komil Allamjonov Telegram-kanaliga joylagan videomurojaatida kasallikni qanday kechirgani haqida so‘zlab berib, o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda ayrim maslahatlarni bergan.
«Bir necha kun oldin menda harorat ko‘tarilishi va holsizlik sezildi. Haroratimni o‘lchab ko‘rsam, 37,1 – 37,2. Juda ham holsizlanib, badanimda og‘riqlar paydo bo‘ldi. Test topshirib ko‘rsak, menda koronavirus infeksiyasi borligi aniqlandi.
Shundan so‘ng shifokorlarga murojaat qildim. O‘pkamni MRT qilishdi, umumiy qon tahlili topshirdim. Shunga asosan, menda yengil shakldagi koronavirus kechayotganini aytishdi va men o‘z uyimda, oila a'zolarimdan alohida bo‘lgan sharoitda, ulardan izolyatsiyada bo‘lgan holda ushbu kasallikni boshimdan o‘tkazdim», – deydi Allamjonov.
U asosan grippga chalinganda qilinadigan muolajalarni olish tavsiya etilganini aytgan. Shuningdek, shifokorlar tavsiyasiga asosan har ikki soatda haroratini o‘lchab turgani, kuniga 5-6 litrgacha suv ichgani, ikki marta harorati 39 darajadan oshgandagina isitmani tushiruvchi dori ichgani, burun-tomog‘ini chayib turgani, S vitamini qabul qilgani, uch kunda isitmasi o‘tib ketgach qisqa yo‘tal boshlanib, shifokorlar unga antibiotik yozib bergani va 5 kun davomida antibiotik qabul qilgani, ma'lum vaqt hid bilish qobiliyati yo‘qolganini aytadi.
«Videomurojaatimdan asosiy maqsad shuki, juda ko‘pchilik shamolladim deb o‘ylab, koronavirusga chalinganini bilmay qolyapti. Men ana shunday hamyurtlarimizga avvalo vahimaga tushmaslikka va albatta shifokor ko‘rigidan o‘tishni tavsiya qilaman», – degan Komil Allamjonov.
36 yoshli funksioner shifokor bilan maslahatlashmay turli dorilar qabul qilmaslikni ham maslahat bergan.
«Bugun 12-kun, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Yo‘tal, dimog‘im bitishi to‘xtadi. Harorat ko‘tarilishi uch kundan keyin o‘tib ketgan», – degan Allamjonov.
U ko‘pchilik qatori avvaliga jiddiy xavotirga tushganini ta'kidlagan. «Lekin hammasidan o‘tib oldim. Xudoga shukr, hozir ancha yaxshiman, butunlay tuzalib ketdim, oila a'zolarim bilan muloqotga kirishdim», degan u.
Komil Allamjonov videomurojaati yakunida karantin qoidalariga rioya qilishga va turli dorilar bilan o‘z-o‘zini davolashga urinmaslikka chaqirgan.
«Arzimagan vositalar bilan davolanish mumkin bo‘lgan joyda o‘zingizni o‘zingiz turli boshqa kasalliklarga ham chalintirib qo‘yishingiz mumkin», – degan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari.
Mavzuga oid
11:42
Bu O‘zbekiston sud-huquq tizimiga hurmatsizlik va suverenitetini inkor qilish demakdir
19:09 / 28.12.2024
O‘zbekistonlik amaldorlarga suiqasd: «chechen izi» va Qodirov tahdidi
14:23 / 28.12.2024
«Ramzan Qodirov O‘zbekiston xalqidan uzr so‘rashi kerak» – Odiljon Tojiyev
07:56 / 28.12.2024