Jahon | 09:58 / 12.07.2020
20479
2 daqiqa o‘qiladi

Kun fotosi: Tramp ilk bor omma oldida tibbiy niqobda paydo bo‘ldi

AQSh prezidenti Donald Tramp pandemiya boshlangandan beri ilk bor omma oldida tibbiy niqobda ko‘rinish berdi.  

Foto: Chris Kleponis / Consolidated News Photos / Global Look Press

CNN telekanalining xabar berishicha, AQSh rahbari Vashington yaqinidagi Uolter Rid nomidagi gospitalga tashrifi vaqtida niqobda bo‘lgan. Bu yerda jangovar harakatlar hududlarida yaralangan harbiylar davolanadi. Tramp chap tomonidan zarhal prezident muhri tushirilgan to‘q ko‘k rangdagi niqobda bo‘lgan. Bundan tashqari, uning tansoqchilari ham xuddi shunday niqoblarda bo‘lishgan. 

“Fikrimcha, niqob taqib yurish ajoyibdir. Men hech qachon niqoblarga qarshi bo‘lmaganman, biroq uni taqishning o‘z mavridi va o‘rni bor, deb hisoblayman”, deb aytgan Tramp.

“Fikrimcha, siz gospitalda bo‘lganda, ba'zilari endigina jarrohlik stolidan chiqqan ko‘plab askarlar, odamlar bilan suhbatlashganda niqob taqish o‘rinlidir”, deb tushuntirgan niqob taqish qarorini Tramp.

Bungacha AQSh rahbari o‘zi uchun himoya niqobini taqishga hojat ko‘rmayotganini aytgan. U aprel boshida niqob taqishdan bosh tortayotganini bu AQSh prezidenti maqomiga to‘g‘ri kelmasligi bilan tushuntirgan. “Bilasizmi, Oval xonada, ajoyib, buyuk “Rezolyut” stoli (prezidentning ish stoli) ortida o‘tirib niqob taqish va shu bilan birga, prezidentlar, bosh vazirlar, diktatorlar, qirollar, qirolichalarni qarshilash... bilmadim qanday bo‘larkin. Shaxsan menga bu to‘g‘ri kelmaydi”, deb aytgan o‘shanda Tramp.

AQSh prezidenti may oyida niqob taqishdan bosh tortayotganini hech kimga yaqin masofaga yaqinlashmayotgani bilan tushuntirgan. Biroq u Oq uyda undan boshqa hamma niqobda yurishini va ijtimoiy masofaga amal qilishini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid