Iqtisodiyot | 17:20 / 15.07.2020
6750
3 daqiqa o‘qiladi

Dehqonlarning bozorga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishiga to‘siq bo‘layotgan asosiy muammolar ma'lum qilindi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti bo‘lim boshlig‘i Farhod Ochilov dehqonlarning mahsulotlarini bozorlarda to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish imkoniga ega bo‘lishi uchun qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

Mas'ul xodimning ta'kidlashicha, departament tomonidan dehqonlarni jinoiy tajovuzlardan himoya qilib, ularning dehqon bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirib kelishi uchun harakat qilinmoqda.

«Dehqonlarga o‘z mahsulotlarini sotishga imkon berish uchun «Daladan dasturxonga» tamoyili asosida ishlanmoqda. Bu mexanizmni joriy etishda 2ta jiddiy muammoga duch kelindi.

Birinchi muammo yillar davomida dehqonlar ongida «Dehqon - faqatgina mahsulot yetishtiruvchi va o‘rtkashga sotuvchi bo‘g‘in» degan stereotip o‘rnashib qolgani bo‘lsa, ikkinchisi, dehqonlar byurokratik va jinoiy elementlar sababli bozorga kira olmagani tufayli ularda tadbirkorlik qobiliyati shakllanmagani bilan bog‘liq bo‘lgan», dedi departament bo‘lim boshlig‘i onlayn brifingda.

Farhod Ochilov bergan ma'lumotga ko‘ra, bu muammolar sababli dehqonlar yetishtirgan mahsulotini iste'molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri sota olmasdan, arzon-garovga o‘rtakashlar qo‘liga topshirib kelgan. Shuning uchun ulgurji bozorlarda olibsotarlar qo‘lida sarson bo‘layotgan dehqonlarga o‘zlari istagan bozorida, to‘g‘ridan to‘g‘ri, agar xohlashsa, yuk mashinasidan mahsulotini sotishlariga sharoit yaratib berildi.

Qayd etilishicha, ilgari dehqon yetishtirgan mahsulotini o‘rtakashga 800 so‘mga sotgan va bu mahsulot ustama bilan iste'molchiga 2000 so‘mga yetib borgan bo‘lsa, endi dehqonning o‘zi uni 1200 so‘mdan sotib, o‘zi ham ko‘proq daromad qilmoqda, aholi ham arzon narxda sotib olmoqda.

Bundan tashqari, pandemiya sharoitida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishini osonlashtirish, tamagirlik holatlarining oldini olish maqsadida har bir blokpostda transportlarning to‘siqsiz harakati uchun «yashil yo‘lak»lar ham ajratilgan.

Mavzuga oid