Bu boradagi bahslar Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatovning masala yuzasidan tushuntirish berishi hamda O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirovning vazir fikrlariga nisbatan bildirgan e'tirozlaridan keyin ancha jonlandi.

Kun.uz muxbiri masala yuzasidan batafsil ma'lumot olish hamda fan soatlarining nima sababdan optimizatsiya qilinayotganiga aniqlik kiritish maqsadida Respublika ta'lim markazi rahbari Shuhrat Sattorov bilan intervyu uyushtirdi.

– Shuhrat aka, mavzuga kirishdan avval ta'lim markazi faoliyati bo‘yicha ma'lumot bersangiz.

– Respublika ta'lim markazi ta'lim tizimining yuragi deb aytishimiz mumkin. Ta'limning mazmun-mohiyati va keyingi rejalari aynan shu markazda tayyorlanadi. Oddiy o‘quv standartlaridan boshlab, o‘quv dasturi va darsliklar, o‘qitish metodikasigacha shu yerda yaratiladi. Nimani o‘qitamiz va qanday o‘qitamiz, degan savollarga respublika ta'lim markazi javob beradi.

– Fikr va munozaralarga sabab bo‘layotgan o‘zgarish – maktablarda ona tilini fani soatlarining qisqarishdan qanday maqsad ko‘zlangan? Shuningdek, bu fan misolida aynan qanday optimizatsiya kutilmoqda?

– Birinchi navbatda qayd etib o‘tish lozimki, Alisher Qodirovni kuchli siyosatchi sifatida bilamiz, lekin u bunday bayonot berishdan avval masalaning mohiyatiga yetib borganida juda yaxshi bo‘lardi. Bugun oldimizdagi asosiy maqsad o‘zgarish emasmi? Taraqqiyotni xohlasak, o‘zgarishimiz kerak emasmi? Yangiliklarni qabul qilishimiz kerak emasmi? Agar biz har qanday yangilikka ehtiros bilan munosabat bildiradigan bo‘lsak, bu o‘sha yangilikni omma oldida yomonotliq qilishi mumkin. Yoki hukumatni xalqqa dushman qilib ko‘rsatishi mumkin. Bayonotda bir qator anglashilmovchiliklar mavjud. Til bu – inson tafakkurini shakllantiruvchi juda katta xazina, boylik. Biz ham aynan tilning orqasidan shunchalik aziz bo‘lib yuribmiz.