O‘zbekiston | 10:15 / 17.07.2020
3617
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy Osiyo va Xitoy TIV rahbarlari yangi formatda muloqot tashkil qilishdi

16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov videokonferensiya shaklida «Markaziy Osiyo – Xitoy» birinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda, shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Van I, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashdi.

Onlayn uchrashuvda koronavirus infeksiyasining oldini olish, tarqalishini oldindan baholash va cheklash, unga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy iqtisodiyoti va sanoat quvvatlarining barqaror o‘sishini ta'minlash mexanizmlari muhokama qilingan.

Transchegaraviy xarakterdagi epidemiologik tahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy choralarning samaradorligini oshirish maqsadida mazkur videokonferensiya ishtirokchi-mamlakatlarining tibbiyot mutaxassislari soha idoralari o‘rtasida muntazam hamkorlikni o‘rnatishning zarurligi qayd etilgan.

Hozirgi sharoitda o‘zaro savdoni qo‘llab-quvvatlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, iqtisodiyotni raqamlashtirish sur'atlarini jadallashtirish hamda transport-tranzit yo‘llarining diversifikatsiyalashgan tizimini shakllantirish uchun sa'y-harakatlarni birlashtirishning dolzarbligi ta'kidlandi.

O‘zbekiston tomoni yuqorida aytib o‘tilgan hamkorlik sohalarini o‘z ichiga oluvchi Pandemiya va uning oqibatlariga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks dasturni birgalikda ishlab chiqishni taklif qildi.

«Abdulaziz Komilov ishtirokchilar e'tiborini barqarorlikni mustahkamlash hamda Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy xalqlari farovonligini oshirish uchun aniq innovatsion, infratuzilma, transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishning muhimligiga qaratdi.

Muzokaralarda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, jumladan Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini qayta tiklash masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi», deyiladi TIV matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid