O‘zbekiston | 21:36 / 18.07.2020
13938
2 daqiqa o‘qiladi

«Dorilar bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q» – Andijon viloyati hokimi uch oylik zaxira omborining kalitini ko‘rsatdi

Viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyatdagi mutasaddi tashkilotlar, sog‘liqni saqlash tizimi vakillari bilan yig‘ilish o‘tkazib, viloyat aholisiga telemurojaat qildi.

Hokim yig‘ilish davomida viloyatda karantin davrida olib borilayotgan amaliy ishlar haqida ma'lumot berib, tibbiyot tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.

Shuhrat Abdurahmonov Karantin paytida viloyat hududidagi dorixonalarda birinchi navbatdagi dori-darmonlardan tanqislik bo‘lmasligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

«Sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislarining koronavirus bilan bog‘liq kasalliklarni davolash uchun talab etiladigan ro‘yxatga 49 turdagi dori-darmon va tibbiyot jihozlari kiritilgan. Shundan 32tasi – dori-darmon.

Viloyat hokimi sifatida andijonliklarga aytaman: «Andijonda bugun mana shu virus bilan bog‘liq 49 turdagi dori-darmonlar bo‘yicha hech qanday muammo, yetishmovchilik yo‘q.

OAVdan iltimos qilaman, joylarda dorilarning turganini xalqimizga ko‘rsatinglar. Yonimda olib yurgan mana bu kalit o‘sha 49 xil dori-darmonlarning uch oylik zaxirasiga (omboriga) tegishli.

Odamlarning, «Dori-darmon yetishmay qoladimikin?», degan shov-shuvlari o‘rinsiz. Men barchani mana shunday og‘ir kunlarda bir bo‘lib, hamjihat bo‘lib ishlashni chaqiraman», – dedi Shuhrat Abdurahmonov.

Eslatib o‘tamiz, joylarda dori-darmonlar zaxirasi bo‘lishi shartligi haqida prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyuldagi videoselektorda topshiriq bergan edi.

«To‘rtta sektor alohida o‘z hududi bo‘yicha dori-darmonning zaxirasini, har bir viloyat, o‘zi o‘ziga yaratadi. Zaxira uch oylik bo‘lishi kerak. Bunga qancha mablag‘ kerak bo‘lsa beramiz, lekin bironta aptekada dori-darmon vositalari qimmatlashsa, odamlarimizning noroziligiga olib keladi. Mana shuni qattiq nazoratga olishlaring kerak», – degandi davlat rahbari.

Mavzuga oid