Tadbirda ishtirok etgan Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari – «O‘zatom» bosh direktori Jo‘rabek Mirzamahmudov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirish borasida bajarilayotgan ishlar, yig‘ilishda o‘rtaga tashlangan masalalar xususida so‘zlab berdi.
– Jo‘rabek Tursunpo‘latovich, davlat rahbari o‘tkazgan tadbirda qanday masalalar muhokama qilindi va kelajak uchun qanaqa rejalar tuzildi?
– Majlisda neft-gaz tarmog‘ini rivojlantirish masalasiga alohida urg‘u berildi. Avvalo, o‘zimizda mavjud xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash eng muhim vazifalardan ekani aytildi. Hozir O‘zbekistonga kimyoviy va polimer mahsulotlarni asosan xorijdan import qilib olib kelyapmiz. Davlat rahbari bu mahsulotlarni maksimal darajada o‘zimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish kerakligini aytdilar.
Importning o‘rnini bosish bilan birga, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish zarurligini ta'kidladilar. Bu bo‘yicha 52ta yangi loyiha takliflarini tayyorlaganmiz. Majlisda 5ta loyihamiz muhokama qilindi. Ularni amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
– Albatta, bu yirik loyihalarni amalga oshirish uchun siyosiy iroda bilan birga katta resurslar lozim. Ularni hal qilish masalasi nima bo‘ladi?
– Yig‘ilishda ko‘tarilgan yana bir masala – davlat kafolati asosida kredit olmaslikni yo‘lga qo‘yish bo‘ldi. Bu xorijiy investitsiyalarni va mahalliy investorlarni jalb qilish vaqti keldi, degani. Albatta, marketingni rivojlantirish ham muhim. Chunki hamkorlarimizga barcha tashkiliy ishlarda ko‘makchi bo‘lish yaxshi natijalarning avvalidir.
Umuman olganda, loyihalarimizni amalga oshirishda investorlarning imkoniyatlari yetarli darajada, deya olaman.
Yuqori aytganim, muhokamasi bo‘lgan 5ta loyihadan eng yirigi katta hajmda polivinilxloridni ishlab chiqarishni ko‘zda tutuvchi «PVX2» deb ataladi. Bu mahsulot importi o‘tgan yili 92 million 500 ming dollarni tashkil etgan, ya'ni katta hajmdagi mablag‘ chetga chiqib ketyapti. Hozirgi mavjud quvvatlar, bu mahsulotning ishlab chiqarish hajmi ichki bozorni ham qoplay olmaydi.
Siyosiy iroda haqida gapirdingiz, ochig‘ini aytsam, agar eski tizimda ishlasak, ushbu loyihani boshlash uchun kamida ikki yil vaqt yo‘qotishimiz mumkin edi. Bu tajribada isbotlangan. Chunki «PVX1» loyihasini muvofiqlashtirish ishlari 2014 yildan 2016 yilga qadar davom etgan. Davlat rahbari rejalashtirilayotgan ishlar tezkorlik bilan amalga oshirilishi uchun hukumatdan nima yordam kerak bo‘lsa, takliflarni beringlar, deb tayinladi.
Hujjatlar bilan bog‘liq ishlarni tugatib, shu yil yakunida qurilish ishlarini boshlashni rejalaganmiz. Mazkur loyihani amalga oshirishda biz birinchi o‘rinda sifatga e'tibor beramiz, keyin narx va xavfsizlikka.















