Oxirgi 7 yilda O‘zbekistonda gaz qazib olish 28 foizga kamaydi. Shunga qaramay, bu resursni chetga sotish hamon davom etmoqda. Bundan 5 yil oldin gaz eksporti 2025 yildan boshlab to‘xtatilishi aytilgandi, bu ro‘y beradimi, qazib olishdagi pasayish nihoyat to‘xtaydimi, noma’lumligicha qolmoqda. Kun.uz bu borada iqtisodchi Shuhrat Rasulning fikrlari bilan qiziqdi.
Gazga bo‘lgan talabning yetarlicha qondirilmayotgani qish oylarida O‘zbekiston iqtisodiyotiga katta zarba bo‘lmoqda.
Mamlakatda gaz qazib olish hajmi 7 yildirki to‘xtovsiz kamayib boryapti. Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yil davomida gaz qazib olish hajmi 44,59 mlrd kub metrni tashkil etgan bo‘lib, 2023 yilning mos davriga nisbatan qariyb 2,1 mlrd kub yoki 4,5 foizga qisqargan.
Rasmiy raqamlar oxirgi 7 yilda gaz qazib olish qariyb 28 foizga yoki 17 mlrd kub metrga kamayganini ko‘rsatmoqda.
Mutasaddilar bu tendensiyani mavjud konlardagi nisbatan oson qazib olish mumkin bo‘lgan zaxiralarning kamayib borayotgani bilan izohlaydi. Chuqurroq qatlamlardan gaz qazib olish va yangi konlarni o‘zlashtirish uchun ajratilayotgan mablag‘larning samarasi esa hozircha ko‘zga tashlanmayapti. Kun.uz bu boradagi savollar bilan iqtisodchi Shuhrat Rasulning fikrlari bilan qiziqdi.
“Qurigan quduqlar kompensatsiya qilinmayapti”
Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, gaz ham, neft ham har doim yangi quduqlar ochib turilsagina barqaror qazib chiqarish ko‘rsatkichlarini ushlab turishi mumkin.
“O‘zbekistonda 370 ta gaz quduqlari bo‘lsa, har yili 10-15 tasi qurib qoladi. Qurib qolganini kompensatsiya qilish uchun kamida 15 yo 20-25 ta yangi quduqlar ochish kerak. Mustaqillik davridan beri O‘zbekistonda gaz sanoatida shu muammo – quduqlar quriydi, lekin ularni kompensatsiya qilish kam bo‘lgan.
1990 yillarda 68 mlrd metr kub gaz qazib chiqarilgan. 2024 yilgi statistika bo‘yicha esa 44 mlrd kub. U paytda aholimiz 20 million edi, hozir salkam 40 millionga yetdi. Obektiv sabablar bor. Hukumatning argumentlari ham o‘rinli: sovet davrida ochilgan, yer sathiga yaqin bo‘lgan debetlar hammasi olib bo‘lindi, hozir chuqur debetlar qoldi. Buning uchun murakkab texnologiyalar kerak. O‘zbekiston o‘zining gaz sanoati potensiali bilan 5-6 ming metr pastdagi gaz quduqlarini o‘zlashtira olmaydi. Bizga sohaning mutaxassislari, ilg‘or texnologiyalar kerak. Buning uchun transmilliy kompaniyalar bor, lekin ular O‘zbekistonga qiziqish bildirmaydi, chunki dunyoda debet yaqin bo‘lgan gaz, neft konlari ko‘p. Ular biror joydan gaz qazib olmoqchi bo‘lsa, xarajatlari kamroq, lekin tez o‘zlashtiriladigan joylarga qiziqishi katta bo‘ladi.















