O‘zbekiston | 15:59 / 19.07.2020
10218
3 daqiqa o‘qiladi

Tez yordam xodimlari bitta «zayavka»ga faqat bir nafar bemorni tekshirayotganiga izoh berildi

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Feruza Hamroboyeva tez yordam chaqirilganda faqatgina bir nafar bemorga xizmat ko‘rsatish hollari bo‘yicha izoh berdi.

«Tez yordam o‘z nomi bilan tez yordam, unga kelgan murojaat bo‘yicha vaqt ajratiladi, negaki uni xuddi shu bemor singari boshqa bir kasal navbatda zoriqib kutib turibdi. Shuning uchun uning vakolatiga o‘sha chaqiruvda yozdirilgan bemornigina ko‘rish kiradi.

Shu xonadonda bemordan boshqa odamning salomatligi inqirozli holatda bo‘lsa, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj bo‘lsa, albatta, unga yordam ko‘rsatishi kerak», deya mutaxassisning 19 iyul kungi brifingdan so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mutaxassis aholiga tez yordam chaqirayotganda ikkinchi yoki uchinchi odamni ham yozdirib qo‘yishni tavsiya etgan.

Shuningdek, shtab a'zosi bemorda koronavirus alomatlari bo‘lsayu, test natijasi bo‘lmasa yoki natija manfiy chiqqan bo‘lsa ham uning davolash muassasasiga yotqizilishi kerakligini eslatib o‘tdi.

«Sog‘liqni saqlash vazirligining 16 iyuldagi 188-sonli buyrug‘iga ko‘ra, COVID-19 uchun tahlil topshirmagan yoki topshirgan tahlilning natijalari manfiy bo‘lib, kasallikning yaqqol klinik alomatlari mavjud bemorlarning tez tibbiy yordam tizimi yoki situatsion markaz, hamda mobil guruhlarning xulosasi orqali ixtisoslashtirilgan barcha provizor kasalxonalarga yotqizilishi ta'minlanishi kerak.

COVID-19 infeksiyasining klinik belgilari bilan nafas yetishmasligi, auskultativ pnevmoniya belgilari yaqqol namoyon bo‘lmaganda, bemorlarning koronavirusga laborator tahlillar bo‘lmagan holda ham bemorni davolash muassasasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yotqizishga ruxsat berilishi ko‘rsatilgan», dedi Feruza Hamroboyeva.

Bundan avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida fuqaro xonadoniga chaqiruvga kelgan tez yordam guruhining bittadan ortiq bemorni ko‘rmasligini aytib, odamlar bilan bahslashayotgani tasvirlangan video tarqalgan edi.

Mavzuga oid