Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Xalq dardini joyladim dilga…» - O‘zbekiston xalq shoiri Shukrullo Yusupovni xotirlab
O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli yozuvchi Shukrullo bugun, 19 iyul kuni 100 yoshida olamdan o‘tdi.
Shukrullo Yusupov o‘zbek adabiyotining sermahsul ijod sohiblaridan biri hisoblanadi. Uning ijodida insonning ma'naviy kamolotini kuylash masalasi doimo birinchi o‘rinda turgan.
Adibni shogirdlari, uni yaxshi bilgan ijod ahli haqiqatgo‘yligi, achchiq bo‘lsa-da, doimo rost gapni gapirish odati bilan eslashadi.
Shoir va tarjimon Jamol Kamol Kun.uz’ga bergan qisqa intervyusida uni shunday xotirlaydi:
«Shukrullo aka o‘zbek adabiyotiga Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Hamid Olimjon, Zulfiya opa kabi katta avlod vakillaridan keyin kirib kelgan.
U bilan Hamid G‘ulom, Asqad Muxtor, Ibrohim Rahim, Ramz Bobojon, Mirmuhsin kabi ijodkorlar bir avlod hisoblanadi.
Bilmadim, balki menga shunday tuyular, o‘zbek adabiyoti vakili bo‘lgan har bir avlodning boshida katta fojia turadi, deb hisoblayman. Masalan, yigirmanchi, o‘ttizinchi va qirqinchi yillarda ham va undan keyin elliginchi yillarda ham ijodkorlar albatta qandaydir katta qirg‘in, qatag‘onlarni ko‘rdi.
Bu qatag‘onlarda o‘zbek xalqi ziyolilarining eng ko‘rkam vakillari qirib tashlandi. Xalqimiz qonida hamon yashayotgan qo‘rquv hissi ana shu davrlardan meros, aslida.
Shunday qatag‘on yillarida Shayxzoda, Shuhrat, Mirzakalon Ismoiliy, To‘xtasin Jalolov, Hamid Sulaymon va ular qatorida Shukrullo ham qatag‘onga uchradi.
U qatag‘ondagi yillarni Magadandagi tosh konida, g‘altakda tosh tashish bilan o‘tkazdi.
O‘zining aytishicha, o‘sha paytlarda Shukrullo domla doim qorniga tosh bog‘lab yurgan ekan. Nima uchun, deysizmi? Sababi shuki, surgun bilan tosh koniga borganlar o‘sha paytda darrov qandaydir arqon, latta topib beliga tosh bog‘lab olar ekan. Buning sababi, lagerlarda hech kim, hech qachon to‘yib ovqatlanmagan. To‘yib ovqatlanmaslik oqibatida esa insonning ichaklari osilib qolar ekan. Shunday osilar ekanki, keyin hech qachon joyiga kelmaydigan bo‘ladi. Ana shuning oldini olish uchun ham qorniga tosh bog‘lagan.
Shukrullo adabiyotimizning eng zahmatkash, samimiy, xalqiga sadoqatli ijodkor edi. Uning atrofida shogirdlari ko‘p edi. Meni ham o‘z shogirdlari qatorida ko‘rardi.
Yaxshi eslayman. Hali Buxorodan Toshkentga kelmagan, yosh bir ijodkor edim. Shukrullo mening bir she'rimga munosabat xati yozgan. Juda xursand bo‘lganman. Keyin Yozuvchilar uyushmasidagi bir yig‘inda ham gapirgan ekan. «Jamolni bir she'ri bilan kamolini ko‘rdim-u, lekin hali jamolini ko‘rmadim» deb. Toshkentga kelganidan keyin tanishganmiz domla bilan.
Shukrullo domla bilan oramizda hech qachon bordi-keldi uzilgan emas.
Afsuski, keyingi yillarda bu aloqalar biroz sustlashdi. Chunki o‘zim ham kasalman, mashina boshqara olmayman. Ammo telefonda tez-tez gaplashib turdik. Oxirgi vaqtlarda esa faqat u kishining o‘zi gapirardi. Chunki qulog‘i umuman eshitmay qoldi. Balki o‘lim uni bu qiyinchiliklardan qutqargandir.
Shukrullo o‘zbek adabiyotida o‘z o‘rniga ega, yozuvchilik ijodkorlikni jabr-u jafosini chekkan ustoz alloma, shoir, yozuvchi edi.
Uni asarlari ko‘p joylari mashhur. Oxirati obod bo‘lsin. O‘zbek adabiyoti bor ekan Shukrullo hech qachon o‘chmaydi».
Kun.uz 2018 yil bahorida domla Shukrullo Yusupov bilan suhbat uyushtirgan edi. Unda O‘zbekiston xalq shoiri va taniqli yozuvchisi o‘zining hayoti va qiyinchiliklarga to‘la ijodiy faoliyati haqida eslagan.
Ushbu suhbat asnosida shoirni yana bir bor xotirlaymiz.