Jahon | 00:03 / 20.07.2020
15428
2 daqiqa o‘qiladi

Ekspert: «Vaksina yetishmasligi koronavirusning yanada og‘ir to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin» 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) sobiq eksperti Klaus Shtor fikriga ko‘ra, yer yuzining ko‘plab aholisi yangi turdagi koronavirusga qarshi ishlab chiqilgan vaksinani olmasligi mumkin.

Foto: RIA Novosti

Shtor 2021 yilning boshiga koronavirusga qarshi 500 million doza vaksina ishlab chiqilishini, yer yuzining qolgan 7,5 milliard aholisi esa vaksinasiz qolishini bashorat qildi. Uning fikriga ko‘ra, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlar ommaviy vaksinatsiyani o‘tkazishga qodir, ammo Chili, Argentina yoki Braziliya aholisi uni umuman olmasligi mumkin.

«Dunyo ikkiga ajraladi: vaksinasi bor va yo‘qlarga. Aholi soni ko‘p bo‘lgan, sog‘liqni saqlash tizimi zo‘rg‘a ishlayotgan, zarur infratuzilmaga ega bo‘lmagan mamlakatlar vaksinani olishi dargumon» - dedi Shtor.

Shundan kelib chiqqan holda, ekspert infeksiyaning dunyo bo‘ylab keng tarqalishi, bu esa kasallikning og‘ir to‘lqinini keltirib chiqarishini taxmin qildi. Mutaxassis fikriga ko‘ra, faqatgina uchinchi to‘lqindan keyin insoniyat 80 foizli ommaviy immunitetga ega bo‘ladi, 2-3 yildan keyingina virus odamlarning ko‘p qismini zararlaydi.

«Vaksina paydo bo‘lgunga qadar qish kirib keladi. Koronavirus yuqtirganlar soni oshadi, uning tarqalishi oldini olish muammoga aylanadi. Chunki odamlar yangi taqiq va erkinliklarning cheklanishini oson qabul qilishmaydi. Pandemiyani vaksina to‘xtatmaydi, balki virusning o‘zi barcha quruq yog‘ochlarni yondirganidan so‘ng to‘xtaydi», - deb ta'kidladi mutaxassis.

Shunday bo‘lsa-da, ekspert ko‘plab mamlakatlar bir necha turdagi vaksinalarni ishlab chiqayotgani sababli, yomon ssenariyga barham berish mumkin deb hisoblamoqda. Bu urinishlar, hatto oddiy emlash ham infeksiyadan zararlanish darajasiga ta'sir qilishi mumkin. Chunki koronavirus – insoniyat duch kelgan eng qo‘rqinchli yoki murakkab infeksiya emas.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid