Sog‘lom hayot | 18:37
528
2 daqiqa o‘qiladi

Hantavirus epidemiyasi yakunlanish arafasida - JSST

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adanom Gebreyyesusning aytishicha, hantavirus epidemiyasi bilan bog‘liq vaziyat barqaror bo‘lib qolmoqda va epidemiya yakunlanishiga yaqin.

Foto: REUTERS

Gebreyyesus X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Niderlandiya bayrog‘i ostida suzayotgan MV Hondius yo‘lovchi kemasida aniqlangan hantavirus bilan kasallanish holatlariga izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Afrikada epidemiya boshida kasallikning ikkita holati aniqlangandan so‘ng, kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlarning barchasini kuzatish yakunlangan va yangi holatlar qayd etilmagan.

«Karantin va kuzatuv jarayonlari Ispaniya va Niderlandiyadagi barcha shaxslar, shu jumladan MV Hondius ekipaji uchun yakunlandi. 25 iyun holatiga ko‘ra, 30 nafar muloqotda bo‘lgan shaxslar kuzatuv ostida qolmoqda», dedi JSST rahbari.

Gebreyyesusning ta’kidlashicha, hantavirus infeksiyasining tasdiqlangan holatlarining umumiy soni 13 ta bo‘lib, ulardan uchtasi o‘lim bilan yakunlangan.

«Vaziyat barqaror va epidemiya yakunlanishiga yaqin», dedi u va infeksiya tarqalishiga qarshi kurashda ishtirok etgan barcha mamlakatlarga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi.

Hantavirus nima?

Ma’lumki, hantavirus asosan kemiruvchilardan, tarkibida qurigan najas zarrachalari, kemiruvchilarning siydigi yoki so‘lagi bo‘lgan havodan nafas olganda yuqadi. Virus kasallangan hayvon tishlaganda yoki tirnalganda ham yuqishi mumkin.

Kasallik yuqori harorat, charchoq va mushak og‘riqlari kabi alomatlar bilan kechadi. Og‘ir hollarda nafas yetishmovchiligiga olib kelishi, shuningdek, ichki qon ketishlar va buyrak yetishmovchiligi bilan kechishi mumkin.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid