– Yoshlar ishlari agentligi va kuchsizlantirilgan Yoshlar ittifoqi strukturaviy jihatdan qanday ishlaydi? Ularning vazifalari qanday ajratiladi?
– Yoshlar ittifoqi nodavlat-notijorat tashkilot. U NNT sifatida o‘z faoliyatini erkin davom ettiradi. Uning qurultoyi, markaziy kengashi, ijroiya apparati bor. Unga yangi rahbar saylanadi. Uning qay tarzda ishlashi yuqori turuvchi organ tomonidan belgilab beriladi. Davlat organi sifatida Yoshlar agentligining yo‘nalishi Yoshlar ittifoqi singari barcha nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan tengma-teng ishlash. Mavjud NNTlarning barchasi bilan bir xil tarzda ishlaydi.
Yoshlar ittifoqining o‘zining yo‘nalishi esa yuqori turuvchi organ va yangi saylangan rahbar bilan bog‘liq tarzda belgilanadi.
– Bundan bir yil avval ijtimoiy tarmoqlarda «Bir million o‘zbek dasturchisi» loyihasini faol targ‘ibot qildingiz. Oxirgi intervyularingizdan birida esa «Bu loyihani amalga oshirish oson emasligini tushundim, qishloqlarda internet ishlamaydi. Undan ko‘ra boshqa sohalarga ixtisoslashuv osonroq ekan», degan mazmundagi fikrni aytdingiz. Bu loyiha o‘zini oqlamadi deganimi yoki boshqa qandaydir o‘zgarish bo‘ldimi?
– Bu loyiha o‘zini oqlamaganidan emas. Maqsad bizda juda yuqori – bir million dasturchi bu hazilakam ko‘rsatkich emas. Ba'zilarga bir million dasturchi chiqaramiz, desangiz, shubha bilan qaraydi. 35 mln aholisi bo‘lgan mamlakatda bir million dasturchi yetishtirish juda katta marra. Bu fikrni bildirganimning o‘z sababi bor. Hozirda mavjud maktab bitiruvchilari, oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilarini bu dastur bilan yetarli darajada tanishtira olmadik. Dasturchilikning zavqi nimada, u nega istiqbolli soha, nega u yoshlar uchun eng ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lishi kerakligini yetkaza olmadik. Xalq ta'limi vazirligi maktablarda kompyuter savodxonligi – informatika darsligini qayta ko‘rib chiqib, uning asosini dasturchilikka yo‘naltiryapti. Endi yoshlar faqat kompyuterdan qanday foydalanishni emas, dastur tuzish va uni rivojlantirish haqida ham bilimga ega bo‘ladi. Buning samarasi bir million dasturchi loyihasi uchun uzviy bog‘liq. “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshmaydimi, degan savolingizga “amalga oshadi” deb javob beraman. Bu dastur bir kunda bo‘ladigan ish emas. U yillarni talab qiladi. Bu marraga erishish uchun balki 5, balki 10-20 yil harakat qilishimiz kerakdir. Yoshlar ishlari agentligi bo‘linmalari huzurida IT markazlarini tashkil qilish tashabbusi o‘rtaga tashlandi. Bundan tashqari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga yoshlar qiziqadigan kasb-hunarlarga o‘rgatish tizimi uchun 50 mlrd so‘m beriladigan bo‘ldi. Deylik, vaucher tizimini yo‘lga qo‘yish. Bir yosh qiziqib, xalqaro malakaviy sertifikat yoki til kursidan yuqori natija oladigan bo‘lsa, Mehnat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi bilan birgalikda o‘sha o‘quvchining ta'lim muassasasiga kirgandagi kontraktining ma'lum bir qismini subsidiyalab beradigan bo‘ldi. Chilangarlik bo‘ladimi, dasturchilikmi – o‘z sohasi bo‘yicha malaka sertifikatini olsa, ma'lum subsidiyani to‘lab berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Mana shu ham yoshlarga men dasturchi bo‘lsam, yaxshi bahoga o‘qisam, davlat kontraktimni to‘lab berar ekan, degan motivatsiya beradi.










