Qiziq jihati, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yillaridan boshlab to bugungi kunga qadar yoshlar tashkilotlari Nodavlat tashkiloti sifatida ishlab kelgan. Masalan, Yoshlar ittifoqi (1991-1996 yy.), «Kamolot» jamg‘armasi (1996-2001), «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati (2001-2017), O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi (2017 yilda tashkil etilgan. Keyingi faoliyati noma'lum).

Nomlari sanalgan bu tashkilotlar tuzilmasiga ko‘ra nodavlat tashkilot bo‘lgani bilan ularning faoliyati davlat tomonidan moliyalashtirilar va hukumat buyurtmasini bajarar edi. Shu bilan birga, ushbu tashkilotlar ma'lum darajada mustaqil organ sifatida millionlab yoshlarni o‘z atrofida birlashtira olgan. O‘zini-o‘zi mustaqil idora qiluvchi NNT sifatida esa ma'muriy buyruqbozliklardan ham xoli edi.

2017 yilda prezident Mirziyoyev «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati Qurultoyida ishtirok etdi va yoshlar masalalariga bag‘ishlangan nutq so‘zladi. Unda prezident O‘zbekistonda yoshlar masalasiga oid turli muammolar yig‘ilib qolganini tanqid ostiga oldi. Yig‘ilish davomida prezident taklifi bilan «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati tugatilib, uning o‘rnida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashkil qilindi.

Bu tashkilotga bir qancha huquqiy asos va moliyaviy ko‘mak evaziga (yillik 200 mlrd. so‘m budjet) yoshlarning yig‘ilib qolgan o‘sha muammolarini yechish vazifasi ishonildi. Ammo ko‘rib turibmizki, oradan 3 yil o‘tib endi yoshlar masalasiga oid boshqa bir  yangi tuzilma tashkil qilindi.

Xo‘sh, hukumat endilikda nega yoshlar masalasi bilan o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlamoqchi? Bu O‘zbekistondagi yoshlarni qiynayotgan ishsizlik, ta'lim bilan qamrab olish, iqtisodiy kam ta'minlanganlik, huquqiy ongning yetarli emasligi, jinoyatchilik va ortib borayotgan oilaviy ajrimlar kabi qator muammolarga yechim bo‘ladimi? Umuman, yangi davlat organi tuzish muammolarning eng to‘g‘ri yechimimi?

Kun.uz muxbiri yangi agentlik rahbari Alisher Sa'dullayev bilan intervyu uyushtirdi va shu kabi savollarga javob izladi.

— Alisher, yoshlar siyosatini yuritadigan yangi organ tuzilishiga qanday sabablar bor edi? Va, umuman, bu yoshlar muammolarini hal qilishda eng to‘g‘ri yechimmi, sizningcha?

     — Biz yoshlarga oid davlat siyosati haqida gapiryapmiz. Davlat siyosatini esa nodavlat tashkilot yuritishi to‘g‘ri yo‘l emas.

Yoshlarga oid davlat siyosati bu juda keng qamrovli tushuncha. Bu eng muhimi yoshlarning roziligi. «Ular nima xohlaydi o‘zi?» degan savol bizda eng muhimi bo‘lib turgan.