Markaziy bank raisining sobiq o‘rinbosari Ashur Qodirov vafot etdi
Taniqli olim, ko‘p yillar davomida O‘zbekiston bank sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan yetuk mutaxassis, Markaziy bank raisining sobiq o‘rinbosari, iqtisodiyot fanlari doktori Ashur Qodirov vafot etdi.
Ashur Qodirov 1953 yilning 23 sentyabrida Buxoro viloyatining G‘ijduvon shahrida tug‘ilgan. 1974 yil Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni tamomlagan.
U Moskva moliya institutida fan nomzodi darajasini qo‘lga kiritgan bo‘lgan bo‘lsa, doktorlik dissertatsiyasini Sankt-Peterburg moliya-iqtisodiyot universitetida professor V.S.Gerashchenko rahbarligi ostida himoya qilgan.
Qodirov turli yillarda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Pul muomalasi va kredit” hamda “Xalqaro valuta va kredit munosabatlari” kafedralarida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Ashur Qodirov 1996 yildan 2006 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank raisi o‘rinbosari, 2006-2017 yillarda “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat banki boshqaruv raisi maslahatchisi lavozimlarida ishlagan va O‘zbekiston bank sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Ashur Qodirov umrining so‘nggi yillarini yoshlarga ta'lim berishga bag‘ishlab, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik tijorat bankining O‘quv markazi direktori sifatida ham faoliyat yuritgan hamda ko‘plab shogirdlarni yetishtirgan.
Qodirov shuningdek dolzarb iqtisodiy masalalarga bag‘ishlangan qator ilmiy maqolalar muallifi hamdir. Olimning oxirgi ilmiy ishlardan biri 2019 yilning iyulida akademik Sh. Ayupov bilan hammualliflikda chop etilgan “Oila iqtisodini boshqarish orqali raqamli iqtisodiyotga o‘tish” monografiyasi bo‘ldi.
Mavzuga oid
11:56 / 11.11.2024
Turkiy davlatlar tashkiloti Markaziy banklari kengashi tashkil etiladi
18:34 / 08.11.2024
Markaziy bank 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
23:10 / 07.11.2024
O‘zbekiston oltin-valuta zaxiralari 43 mlrd dollardan oshdi
11:23 / 01.11.2024