Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Shu paytgacha birortasi charchadim demadi» – Shuhratbek Abdurahmonov andijonlik shifokorlarga rahmat aytdi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov OAV vakillari ishtirokidagi brifingda aholiga murojaat qilib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha qilinayotgan ishlar yuzasidan ma'lumot berdi.
Ma'lum qilinishicha, viloyatda shu kungacha kasallanganlar soni 738 nafar bo‘lib, 20 iyul holatiga 425 nafari butkul sog‘ayib ketgan (21 iyul kuni soat 10:00 holatiga ko‘ra, viloyatda yana 57 holat aniqlandi). 738 kishidan 363 nafari «Do‘stlik» chegara posti orqali Qirg‘izistondan o‘tgan fuqarolar bo‘lib, shu kungacha chegaradan 7,5 ming kishi o‘tib kelgan.
Shu vaqtgacha viloyatda 104 ming kishidan infeksiyani aniqlash uchun test olingan. Bu borada hech qanday muammo yo‘qligi, shu kunlarda Andijonga 10 ming dona 15-20 daqiqada koronavirus infeksiyasi bor-yo‘qligini aniqlovchi tezkor test olib kelinayotgani aytildi.
«Ayni paytda davolanayotgan 313 nafar bemordan (21 iyul holatiga ko‘ra davolanayotgan bemorlar soni 370 nafarga yetdi – tahr.) ikki nafarining ahvoli og‘ir. Bulardan biri oldindan «jigar sirrozi» kasalligiga chalingan bo‘lgan, yana biri «qandli diabet» kasalligi bo‘lgani sababli holat og‘irroq kechyapti. Shifokorlar ularni bor kuchini berib davolashmoqda. Olti bemorda pnevmoniya aniqlangan bo‘lib, ularning ahvoli o‘rta og‘ir holatda.

Andijonlik shifokorlarga ming bor rahmat aytaman, shu paytgacha ulardan birortasi «charchadim» demadi. Ular oq libosining nomini oqlab mehnat qilishyapti.
Biz koronavirusni davolash bo‘yicha maxsus kurs tashkil qildik. Ayni paytda zaxirada 288 nafar shifokor tayyor turibdi. Bundan tashqari, 2031 nafar shifokor va o‘rta tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlov kurslariga jalb qilganmiz. Andijonda tibbiyot xodimlari bo‘yicha umuman muammo yo‘q», dedi viloyat hokimi.

Uning qayd etishicha, viloyatdagi 8ta davlat va 7ta xususiy shifoxonalarda bemorlarni qabul qilish uchun 2 mingta qo‘shimcha joy tayyor holatda turibdi. Bundan tashqari, karantin uchun hududdagi sanatoriy, lager va boshqa tibbiyot maskanlarida 10 ming 200ta joy tayyorlangan.
Viloyatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan 49 turdagi dori vositalari, 17 turdagi himoya vositalari va tibbiy jihozlarning 3 oylik zaxirasi yaratilgan.
Viloyat hokimi o‘z murojaatida aholini yanada hushyorlikka, qiyin vaziyatda birlashib bahamjihat harakat qilishga chaqirgan.