Jamiyat | 17:05 / 22.07.2020
10065
2 daqiqa o‘qiladi

Jomiy bozori yaqinidagi bir nechta do‘konda yong‘in yuz berdi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Toshkent shahri Olmazor tumani hududida joylashgan odamlar «Jomiy bozori» deb ataydigan qurilish mollari bozori yaqinida 22 iyul kuni sodir bo‘lgan yong‘in to‘liq bartaraf etilganini ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, yong‘in 22 iyul kuni soat 15:34da boshlangan. Sanoqli daqiqalar ichida hodisa yuz bergan joyga Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga qarashli 6 ta o‘t o‘chirish brigadasi va qutqaruvchilar ekipaji yetib borgan.

FVV axborot xizmati rahbari Murod Sodiqovga ko‘ra, yong‘in soat 16:01da jilovlanib, 16:14da butunlay bartaraf etilgan. 

Xabarga ko‘ra, bir necha qurilish mollari do‘koni olov ichida qolgan. 100 kvadrat metrdan ko‘proq maydon yonib ketgan.

Hozircha yong‘in kelib chiqish sabablari ekspertlar tomonidan aniqlanmoqda. FVV qutqaruvchilarining tezkor sa'y-harakatlari natijasida yong‘in chiqqan obektlarga tutash bo‘lgan qariyb 2 ming kvadrat metr maydondagi do‘konlar olov tig‘idan asrab qolingan.

Mavzuga oid