Jahon | 01:10 / 23.07.2020
52630
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Tramp virusga ishondi, Avstraliyada «eng yomon kun» va Tailandda favqulodda holat rejimi

AQSh prezidenti Donald Tramp qarashlarini to‘satdan o‘zgartirdi va fuqarolarni niqob kiyishga chaqirib, mamlakatda epidemik ahvol jiddiyligini tan oldi. Avstraliyada butun pandemiya davridagi kunlik kasallanish holatlarining rekord darajasi qayd etildi - ularning aksariyati Melburnda. AQSh rasmiylari Xitoy fuqarosi bo‘lgan ikki shaxsni koronavirus vaksinasi to‘g‘risidagi ma'lumotni o‘g‘irlashga urinishda ayblamoqda.

Foto: AFP

Dunyo bo‘ylab Covid-19 yuqtirish holatlari 15 milliondan oshdi, Jons Hopkins universiteti ma'lumotlarida kasallikdan 616 769 o‘lim qayd etilgan. 

Tramp koronavirusga ishondi
AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba oqshomida mamlakatdagi koronavirus epidemiyasi «yaxshilanish boshlanishidan oldin yomonlashishi» mumkinligini tan oldi.

Matbuot brifingida Tramp barcha amerikaliklarni niqob kiyishga chaqirdi. 

«Niqoblar sizga yoqadimi yoki yo‘qmi, ularda foyda bor, ularda foyda bo‘ladi va endi bizda qanday vosita mavjud bo‘lsa, barchasi kerakli», dedi AQSh prezidenti oldingi kundalik brifinglariga nisbatan qat'iyroq ohangda. U shuningdek niqob taqishni vatanparvarlik deb ta'rifladi - o‘zi niqobini cho‘ntagidan olgan bo‘lsa ham, lekin baribir uni taqmadi. 

GETTY IMAGES

Tramp apreldan beri brifing o‘tkazmadi. So‘nggi brifingda prezident koronavirusga qarshi kurashda, ehtimol, tozalash vositalari inʼeksiyalari yordam berishi mumkinligini aytgandi va ular to‘xtatilgandi. 

Investor va mutaxassislar nazdida Trampning ohangni o‘zgartirishi uning Qo‘shma Shtatlardagi koronavirus xavfi jiddiyligini tan olganini anglatadi. Atigi bir necha kun oldin Tramp koronavirus tez kunda o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishi haqida gapirgandi. 

«Prezidentning seshanba kuni qisqa chiqishi chog‘ida nima degani muhim emas, - deb yozadi BBC'ning Shimoliy Amerikadagi muxbiri. -Uning qaytishining o‘zi so‘nggi uch oy ichida AQShda epidemiya qay darajada quloch yoyganini ko‘rsatadi».

Shu bilan birga, AQSh xitoylik hakerlarning koronavirus vaksinasini qidirishga kirishganini ma'lum qilmoqda. AQSh Adliya vazirligi ikki erkakni Xitoy razvedka xizmatlariga Amerikaning Covid-19'ni o‘rganayotgan kompaniyalaridan ma'lumot o‘g‘irlashga urinishda ayblamoqda. Xitoy o‘zining vaksinasini ishlab chiqmoqda, garchi klinik sinovlar hali ham davom etayotgan bo‘lsa-da, ba'zi hukumat amaldorlari allaqachon undan foydalanishlari mumkin. 

«Janubiy va Shimoliy Amerikadagi ahvol 300 mln kishiga xavf solmoqda»

Panamerika sog‘liqni saqlash tashkiloti ogohlantirishicha, Shimoliy va Janubiy Amerikada pandemiya sekinlashishi alomatlari sezilmayapti. Aholi orasidagi surunkali kasalliklar darajasi va koronavirus tarqalishi tufayli Amerika qit'alarida har 10 kishidan 3 nafari - taxminan 300 million kishi - Covid-19 keltirib chiqaruvchi asoratlar rivojlanishi xavfi yuqori toifaga kiradi», deydi tashkilot direktori Karissa Etenn. 

Etenning ta'kidlashicha, so‘nggi bir haftada ushbu hududda koronavirusdan 900 mingga yaqin yangi shikastlanish va 22 mingta o‘lim holatlari qayd etilgan, ularning aksariyati Braziliya, Meksika va AQShda. 

Avstraliyada pandemiyaning «eng yomon kuni»

Avstraliyaning Viktoriya shtatida koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha kunlik rekord qayd etildi - 484ta yangi holat. Ularning aksariyati 7 iyulda karantin tartibi joriy etilgan Melburnda aniqlangan. Chorshanba kunidan boshlab shtat poytaxtida jamoat joyida niqob kiyish majburiy qilingan. 

Viktoriya shtati rasmiylarining ta'kidlashicha, shtatda so‘nggi ikki hafta ichida koronavirus tashxisi qo‘yilgan 3 810 kishining 90 foizi simptomlar paydo bo‘lishidan kasallik tasdiqlanishigacha bo‘lgan davr mobaynida o‘z-o‘zini yakkalamagan, 53 foizi esa test natijalarini kutish paytida bu qoidaga amal qilmagan.

Mamlakatda umumiy hisobda 502ta yangi shikastlanish aniqlandi. Davlat bosh sanitar shifokorining o‘rinbosari Maykl Kiddning aytishicha, bu pandemiya boshlanganidan beri Avstraliyada kuzatilgan eng yomon ko‘rsatkich.

Avvalgi rekord 28 martda qayd etilgandi - o‘shanda 469ta yangi holat qayd etilgandi. 9 iyun kuni atigi ikki bemor ro‘yxatga olingan. 

Yevropadagi vaziyat

Yevropa Ittifoqining Covid-19 ko‘rsatkichlari  eng past bo‘lgan davlatlaridan biri Irlandiya Yevropaning 15 mamlakatidan keluvchilar uchun karantin tartibini bekor qilyapti. Bular Malta, Finlyandiya, Norvegiya, Vengriya, Italiya, Estoniya, Latviya, Litva, Kipr, Slovakiya, Grenlandiya, Gretsiya, Gibraltar, Monako va San-Marino. 

Shu bilan birga, Irlandiya pandemiyadan jiddiy aziyat chekkan davlatlar uchun, aksincha, qoidalarni qat'iylashtirishni rejalashtirmoqda. Xususan, samolyotga chiqishdan oldin koronavirus testining manfiy natijasi talab qilinishi mumkin. 

Tailand favqulodda holat rejimini uzaytirdi, Hongkongda virusni nazoratga olishning yangi choralari, Kashmirda karantin

Tailand hukumati pandemiya sababli mamlakatdagi favqulodda holat rejimini avgust oyi oxirigacha uzaytirdi. 

Hongkongda chorshanba kuni barcha yopiq jamoat joylarida majburiy niqob kiyish qoidasi kuchga kirdi. Qoidabuzarlarga 5000 Hongkong dollari miqdorida (645 AQSh dollari) jarima solinadi. Bundan tashqari, AQSh va Qozog‘istondan qaytuvchi hongkongliklar samolyotga chiqishdan oldin koronavirus testining manfiy natijasini topshirishlari kerak va shaharga qaytib kelgandan so‘ng uyda emas, mehmonxonada o‘zini izolyatsiya qilish tartibiga amal qilishadi. 

Hongkongda sport zallari va ko‘ngilochar joylar 28 iyulga qadar yopiq, restoranlar esa soat 18:00da faoliyatni yakunlashi kerak.

So‘nggi haftalarda shaharda Covid-19 holatlarining keskin ortishi ro‘y berdi. Seshanba kuni yana 61 kishida tashxis tasdiqlandi va ikki kishi vafot etdi. 

Kashmir viloyatining hind qismi rasmiylari koronavirus pandemiyasi tufayli Himolay tog‘larida 4175 m balandlikda joylashgan muqaddas Amarnath g‘origa yillik ziyoratni bekor qildi. 

Har yili ikki oy davomida minglab ziyoratchilar Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismidagi Amarnath g‘origa tashrif buyurishadi, ammo bu yil mahalliy hokimiyat virusni ommaviy yig‘ilishlardan yuqtirish xavfi juda yuqori ekanligini his qildi.

Jammu va Kashmir ittifoqdosh hududidagi barcha diniy qadamjolar tashrif buyuruvchilar uchun 31 iyulga qadar yopiq. Seshanba kuni bu yerda koronavirus infeksiyasidan zararlanish bilan bog‘liq 608ta yangi holat qayd etildi va jami holatlar soni 15 mingga yetdi. 

Eronda koronavirusdan bir kun ichida 229ta yangi o‘lim qayd etilgach, prezident Hasan Ruhoniy hukumatni mamlakatda epidemiyaning yomonlashib borishi haqida ogohlantirdi.

«Prognozlarga ko‘ra, kasalxonaga yotqizilganlar soni oldingi oylarga qaraganda ko‘payadi. Dori-darmonlar tayyor bo‘lishi kerak, chunki kasallik yuki og‘irlashadi», dedi u.

Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid