O‘zbekiston | 08:24 / 23.07.2020
2345
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston vakillarining Yaponiya yetakchi universitetlari magistraturasida o‘qishi tashkil etiladi

O‘zbekiston vakillarining o‘qishini tashkil etish uchun Yaponiya hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi vakillarining o‘qishini tashkil etish uchun Yaponiya hukumati grantidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish loyihasini amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi vakillarining Yaponiyaning yetakchi universitetlari magistraturasida o‘qishini tashkil etish to‘g‘risida Yaponiya Hukumatining taklifi qabul qilinadi.

Ushbu loyihani amalga oshirishni muvofiqlashtirish va o‘qish uchun nomzodlarni tanlab olish O‘zbekiston tomonidan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta'lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat, yoshlar, ma'naviyat va jamoat tashkilotlari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash masalalari kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, hamda Yaponiya tomonidan – Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), O‘zbekiston-Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi (UJC) tomonidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari B.A.Musayevga O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan almashinuv notalari va grant bitimlarini imzolash vakolati beriladi.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga — loyihani amalga oshirish doirasida grantni olish va undan foydalanish uchun Yaponiya tomoni bilan kelishgan holda barcha tartib-qoidalarni rasmiylashtirish;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligiga – grantga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida tuzilishi lozim bo‘lgan Agentlik bitimini ishlab chiqish;

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Aksiyadorlik jamiyatiga – ajratilgan grant mablag‘laridan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish yuzasidan Yaponiyaning «MUFG Bank, Ltd.» banki bilan banklararo bitimini tuzish, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan grantning hisob-kitoblarini amalga oshirish hamda mazkur grantning hisob-kitoblarini amalga oshirish yuzasidan Yaponiya tomonining vositachilik xarajatlari konvertatsiya qilinishini ta'minlash yuklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:

Grant hisob-kitoblari doirasida Yaponiya Xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) xizmat ko‘rsatuvchi banki (MUFG Bank, Ltd.) foydasiga belgilangan shaklda kafolat xati (Acknowledgement letter) taqdim qiladi;

Taqdim etilgan kafolat xati (Acknowledgement letter) bo‘yicha hamda grantning hisob-kitoblarini amalga oshirish yuzasidan Yaponiya tomonining vositachilik xarajatlari Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaponiya xalqaro hamkorlik markazining (JICE) viza talabnomalariga binoan mazkur loyihani amalga oshirishda qatnashadigan xorijiy mutaxassislar uchun belgilangan tartibda kirish vizalarini konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta'minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur loyiha doirasida Yaponiyada tahsil olayotgan stipendiatlarning o‘qishini va o‘qishni tamomlagan stipendiatlarning mehnat faoliyati yuzasidan doimiy monitoring olib boradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid