AQShning Viskonsin universiteti doktoranti, iqtisodchi Behzod Hoshimov «MFactor» loyihasi mehmoni bo‘lib, karantin choralari qachon foyda berishi, sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq o‘lim holatlari oshib ketmasligi uchun tibbiyot tizimida bemorlarni qabul qilish hajmi oshishi kerak. Hozir uyda o‘tiraverganimiz bilan kasallik yo‘q bo‘lib qolmaydi, kasallik saqlanib qoladi. Karantindan qachon foyda bo‘ladi? Qachonki aholi tez-tez test qilinsa, bemorlarni zudlik bilan jamiyatdan izolyatsiya qilinsa hamda bemorlar shifoxonalar tomonidan zudlik bilan qabul qilinishi kerak.

Yaqinda o‘qidim, Janubiy Koreyada ham O‘zbekistondagi kabi aholidan kuniga 20 mingta test olinayotgan ekan. Lekin ayni paytda ularda kasallanish kuzatilmayapti. Odamlar bir-ikki oydan beri restoranlarda o‘tiribdi, maktablar ishlayapti. O‘zbekistondayam bunga erishishimiz uchun aholini ko‘proq test qilishimiz kerak. Testlarni to‘g‘ri belgilab, bemorlarni izolyatsiya qilishimiz kerak. Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimining bemorlarni bir vaqtda qabul qila olish imkoniyatlarini ko‘paytirishimiz kerak.

1 avgustdan yana ko‘chaga chiqsak, yana kasallik ko‘payadi. O‘zi asli lokdaun deyiladi, odamlarning uyda o‘tirishiga asosiy sabab, masalan, AQShda deylik, kasallikning o‘sish darajasi tibbiyot muassasalaridagi koykalarning sonidan baland bo‘lib ketmasligi kerak fikr ustun.

Uyda o‘tirsak, kasallik o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishi bu – fantastika. Umidimiz shuki, hukumatdagi odamlar tibbiy xizmatlar ko‘rsatish hajmini keskin o‘stirib borishi kerak. Ya'ni kasallanish ko‘rsatkichlaridan shifoxonalardagi bo‘sh joylar qancha ko‘p bo‘lsa, epidemiyani jilovlash shunchalik oson bo‘ladi», deya Behzod Hoshimovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

«Hukumat hamma funksiyalarni o‘z zimmasiga olsa, eng muhimlarini bajarolmay qoladi» – Behzod Hoshimov xususiylashtirish haqida

Shuningdek, taniqli tahlilchi koronavirus pandemiyasining O‘zbekistondagi uchinchi-to‘rtinchi to‘lqini ro‘y bersa kuzatilishi mumkin bo‘lgan muammolar haqida ham fikr bildirdi.