Jahon | 22:29 / 24.07.2020
12727
2 daqiqa o‘qiladi

Eron samolyotlar bilan bog‘liq mojaro bo‘yicha AQShga javob qaytarishni va'da berdi

Tehron Suriya havo hududida yuz bergan voqea bo‘yicha AQShga munosib javob qaytarishini va'da berdi.

Foto: Aleksey BULATOV

Avvalroq, Eronning Mahan Air aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan va Tehron – Bayrut yo‘nalishi bo‘yicha uchib ketayotgan samolyotga Suriya osmonida AQShning 2ta qiruvchi samolyoti xavfli darajada yaqinlashgan va uchuvchilarning to‘qnashuvdan qochish uchun qilgan majburiy harakatlari natijasida bir necha yo‘lovchi jabrlangan edi. 

«Eron Islom Respublikasi o‘z xalqiga nisbatan tahdidli harakatlarni javobsiz qoldirmaydi va vaqti kelganda munosib javob qaytaradi», - dedi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi vakili Abbos Musaviy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Eronda terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) xalqaro aviaqatnov qoidalarini buzgan. 

«AQSh harbiylarining Suriyada bo‘lishi noqonuniy, jumladan qiruvchi samolyotlarini ham. Muhimi shundaki, hech kim AQShga fuqarolik samolyotlarini qiruvchi samolyotlar yordamida tekshirishga ruxsat bermagan. Bu noqonuniy va insonlar hayoti uchun xavfli. Amerikaliklar bayonotiga qaramay, xavfsiz masofa saqlanmagan», - deb ta'kidladi Musaviy.

U Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti orqali AQShga nisbatan chora ko‘rilishiga erishmoqchi ekanini qo‘shimcha qildi.

AQSh markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) matbuot xizmati bergan bayonotda Harbiy havo kuchlarining F-15 qiruvchi samolyoti Eron yo‘lovchi samolyotini xalqaro me'yorlarga muvofiq 1 km uzoqlikda kuzatib borgani aytilgan edi.

«F-15 qiruvchi samolyoti Suriyadagi koalitsiya harakat qiluvchi At-Tanf garnizoni osmonida oddiy havo missiyasini bajardi va Mahan Air avialaynerini taxminan 1000 metrlik xavfsiz masofadan ko‘zdan kechirdi. Bu At-Tanf garnizonidagi xodimlarning xavfsizligini ta'minlash maqsadida amalga oshirildi», — deyiladi qo‘mondonlik bayonotida.

Qayd qilinishicha, F-15 uchuvchisi samolyotning Mahan Air aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi layner ekaniga ishonch hosil qilganidan so‘ng, xavfsiz masofaga uzoqlashgan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid