O‘zbekiston | 22:38 / 25.07.2020
23372
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda fermerlarga chirigan kartoshka urug‘ini o‘tkazgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida fermerlarga chirigan kartoshka urug‘i tarqatishda gumon qilingan «EGOIST AST» MChJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsuddinov xabar bergan.

Kun.uz'da fermerlarga takroriy ekin uchun «Agrobank»ning yillik 24 foizlik krediti asosida, har gektariga 3 tonna hisobida tarqatilayotgan kartoshka urug‘ning 70 foizi yaroqsiz, ekilsa unib chiqmayotgani haqida mahalliy fermerlar shikoyati e'lon qilingandi.

Ta'kidlanishicha, hukumat qarori bilan kartoshkaga ixtisoslashtirilgan Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘, Shahrisabz tumanlaridagi fermerlar Qarshi shahridagi «Egoist AST» MChJ bilan shartnoma imzolashga majburlangan.

Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati vaziyatni o‘rganib, Shahrisabz va Yakkabog‘ tumanlaridagi 656 nafar fermer xo‘jaliklariga «EGOIST AST» MChJ tomonidan 44,8 milliard so‘mlik 6400 tonna kartoshka urug‘ligini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar imzolanganini bildirdi.

«O‘rganishlar davomida aniqlandiki, tuman fermerlariga MJChning Yakkabog‘dagi va Shahrisabz shahridagi «EGOIST AST»ning omborxonalaridan urug‘lik tarqatilgan. Fermerlarga ko‘ra, Shahrisabz filialida tarqatilgan urug‘lik kartoshkaning ba'zi qismining sifati talabga javob bermagan», - deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Holmahamatovaning deputatlik so‘roviga ijobiy yechim bilan javob qaytarilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi («O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish yuzasidan tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid