O‘zbekiston | 07:25 / 25.07.2020
15725
6 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi - Prezident qarori loyihasi

Respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Prezidentning «Respublika oziq-ovqat sanoatini boshqarish tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:

meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi (ishlab chiqaruvchi) korxonalar bilan ushbu mahsulotlarni qayta ishlovchi, tayyorlovchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlar uchun sharoit yaratish;

meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalariga hamda eksport qiluvchilarni doimiy ravishda, kerakli hajmda, sifatli va eksportbop mahsulotlar bilan ta'minlash;

meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar tomonidan ular ixtiyoridagi yer maydonlarida ekiladigan ekin turlarini mustaqil belgilash tizimini joriy qilish orqali mazkur jarayonga mahalliy hokimiyat va boshqa davlat organlarining asossiz aralashuvini cheklash;

«Daladan ishlab chiqarishgacha» tamoyili asosida xalqaro darajada tan olingan standartlar talablariga mos mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini ushbu standartlar talablari asosida qayta ishlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlar qamrovini kengaytirish, eksportbop mahsulotlarni xalqaro talablar asosida sertifikatlash ishlarini jadallashtirish;

zamonaviy savdo va logistika markazlarini tashkil etish, mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining milliy brendini jahon bozorlarida ilgari surish, ularning raqobatbardoshligini oshirish hamda eksport salohiyatini kengaytirish choralarini ko‘rish;

meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalari tomonidan mahsulotlari bo‘yicha respublikada va xorijiy davlatlarda ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etish, xalqaro bozorlarda mahalliy mahsulotlarni yanada mustahkamlash va unga e'tiborni kuchaytirishni rag‘batlantirish;

meva-sabzavot, go‘sht, sut va boshqa qishloq xo‘jaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxonalariga «Qishloq xo‘jaligida bilim innovatsiyalar (AKIS) tizimi» asosida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish choralarini ko‘rish;

qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohasiga xorijiy ekspertlarni keng jalb qilish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2020 yil 1 avgustdan boshlab:

a) qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi bo‘yicha xalqaro standartlarni ishlab chiqarishga joriy qilish hamda mahsulotlarni belgilangan xalqaro talab asosida sertifikatlashtirish bilan bog‘liq xarajatlarning 80 foizini qoplab berish;

b) oziq-ovqat mahsulotlarning davlat xaridlari, shu jumladan davlat xaridlari strategik sub'yektlari tomonidan amalga oshirilishida mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 20 foizgacha narx preferensiyasi qo‘llaniladi;

v) oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sanoati tarmog‘i korxonalari tomonidan:

2022 yil 1 yanvarga qadar respublikada yetishtirilmaydigan va oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyolarning importida bojxona deklaratsiyasi qabul qilingan kundan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 120 kunga kechiktiriladi;

o‘zlarining ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun texnologik uskunalarni respublika hududiga olib kirish bojxona rejimiga rasmiylashtirish yoki import kontraktlari bo‘yicha ular uchun to‘langan pul mablag‘larini qaytarish muddati import kontraktlari yuzasidan to‘lov amalga oshirilgan kundan boshlab 270 kun etib belgilanadi;

g) oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni chuqur qayta ishlash sohasiga jalb qilingan xorijiy ekspertlar jismoniy shaxslarga solinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va oziq-ovqat ta'minoti jamg‘armasiga quyidagi mablag‘larni o‘tkazib berish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Jamg‘arma hisob raqamiga 2020-2021 yillarda teng ulushlarda 50 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazib berilishini ta'minlaydi;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum yetishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan– Jamg‘arma hisob raqamiga 70 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ini o‘tkazib berilishini ta'minlaydi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlar uchun sarflanadi:

ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarni moliyalashtirish uchun respublikadagi ilmiy-tadqiqot muassasalariga va oziq-ovqat sanoati tarmog‘i korxonalariga grantlar ajratish;

oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ilk marotaba tashkil etilayotgan istiqbolli loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslanuvini tayyorlash bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin bitta holat bo‘yicha ekvivalenti 10 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash;

oziq-ovqat mahsulotlar ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalarda xalqaro standartlarni joriy etish, mahsulotlarni chet el bozorlari talablariga muvofiq sertifikatlashtirish tadbirlari bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizini, lekin bitta holat bo‘yicha ekvivalenti 20 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash;

oziq-ovqat sanoati tarmog‘i korxonalarining xalqaro ko‘rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishi bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizini, lekin bitta holat bo‘yicha ekvivalenti 10 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda qoplash;

mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarni ilgari surish bo‘yicha respublikada va xorijiy davlatlarda ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil etish, seminarlar o‘tkazish, taqdimot materiallari va ko‘rgazma stendlarini tayyorlash.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid