O‘zbekiston Musulmonlar idorasi Ulamolar kengashi Qurbon hayitini nishonlash va hayit namozini ado etishga doir o‘z fatvosini e'lon qildi. Unda ba'zi musulmon va qo‘shni davlatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq holat keskinligi sababli ulamolar tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib o‘qishning iloji yo‘qligi haqida fatvolar e'lon qilingani qayd etiladi. Quyida Ulamolar kengashi fatvosi bilan to‘liq tanishishingiz mumkin.

“Bismillahir Rohmanir Rohiym.

O‘z huzurida eng ulug‘ kunlarni bizga bayram qilib bergan

Alloh taologa hamdu sanolarimiz bo‘lsin!

Hazrati Rasuli muhtaramga salom va salavotlarimiz bo‘lsin!

Aziz yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan Siz azizlarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi bo‘lgan Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Ma'lumki, butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi avj olmoqda. Hozir insoniyat og‘ir sinovli davrni boshidan kechirmoqda. Mamlakatimizda aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Lekin, butun jahonda bo‘lgani kabi yurtimizda ham pandemiya bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Ba'zi musulmon va qo‘shni davlatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq holat keskinligi sababli ulamolar tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib o‘qishning iloji yo‘qligi haqida fatvolar e'lon qilindi.

Islom dini manbalarida Qurbon hayiti namozi vojib amal ekani bayon etilgan. Abu Hanifa rahmatullohi alayhdan juma namozi vojib bo‘lgan kishilarga hayit namozi vojib ekani naql qilingan. Juma namozi Qur'on, sunnat, ijmo kabi qat'iy dalillar bilan sobit bo‘lgan farz amaldir. Modomiki muayyan uzrlar bilan farz bo‘lgan juma namozini vaqtincha to‘xtatib turish to‘g‘risida ulamolar fatvosi qabul qilingan ekan, vojib amal bo‘lgan hayit namozini o‘qimaslik ham o‘z-o‘zidan ma'lum bo‘ladi.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Qurbon hayiti (Iydul adho) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.