Koronavirus

AQShning Chendudagi bosh konsulligi / GETTY IMAGES

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar o‘tgan yil oxirida iliqlashgandek tuyulgandi. Tomonlar yangi savdo shartnomalari haqida kelishib, o‘zaro munosabatlarga ijobiy qarashga imkon berishgandi. Ammo yil boshida hammasi keskinlashib ketdi. Koronavirus paydo bo‘ldi, u asta-sekin butun dunyoga tarqalib, AQSh uning o‘chog‘iga aylandi-qoldi. Tramp virus tarqalishida uning «vatani» Xitoyni ayblay boshladi. Keyin Amerika tomondan yangi ayblovlar paydo bo‘ldi: ayg‘oqchilik, texnologiyalarni o‘g‘irlash, inson huquqlarini buzish (uyg‘urlar masalasi). Oqibatda vaziyat shunchalik jiddiylashib ketdiki, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar noyabrdagi prezidentlik saylovlari vaqtida eng yuqori cho‘qqiga ko‘tariladigan ko‘rinadi.

Diplomatik mojaroni AQSh boshladi. 21 iyul kuni Hyustondagi Xitoy konsulxonasi yopilishi e'lon qilindi va xitoylik diplomatlarga u yerdan chiqib ketish uchun uch kun vaqt berildi. Shuningdek, xitoyliklarning San-Fransiskodagi konsulligi yopilishi mumkinligi ham aytildi. Keyin esa Xitoy AQSh konsulxonasini yopdi, buning ortidan Hyustondagi bosh konsulxona xodimlari binoni tark etishdi.

Hammasi qanday boshlandi?

 

Xitoyning Texasdagi bosh konsulligi / GETTY IMAGES
Kuzatuvchilar eskalatsiya jiddiylashayotgani va buni sovuq urush bilan qiyoslash mumkinligidan ogohlantirishmoqda

21 iyul kuni AQSh hukumati Xitoyga Texas shtatidagi Hyuston shahrida joylashgan konsullik yopilishini, xodimlar u yerdan 3 kun ichida chiqib ketishlari kerakligini bildirdi. Oldinroq Amerika tomoni xitoylik hakerlar Covid-19 vaksinasi haqidagi ma'lumotlarni o‘g‘irlashga uringanini ma'lum qilgandi. AQSh hukumati e'lon qilgan ayblovda xitoylik ikki kishining ismi keltirilgan. Ular Xitoy hukumati qo‘llab-quvvatlovi bilan AQSh serverlariga hujum qilib, koronavirus vaksinasi haqidagi ma'lumotlarni o‘g‘irlashga uringan. Ular shuningdek, boshqa hakerlik hujumlarini amalga oshirganlikda ham ayblanmoqda.

Xitoyda esa AQShni siyosiy provokatsiyada ayblashmoqda. Mamlakat tashqi ishlar vazirligi Hyustondagi konsullikning yopilishini bema'nilik deb atadi. O‘z navbatida AQSh buni o‘z intellektual mulkiga nisbatan qilingan xurujga javob sifatida baholadi.