O‘zbekiston | 17:26 / 26.07.2020
10510
3 daqiqa o‘qiladi

46 mingta koykaga qo‘shimcha yana 31 mingta o‘rin hozirlanadi, 400ta tez yordam mashinasi sotib olinadi - Abduhakimov

Respublika bo‘yicha qo‘shimcha tarzda 46 mingdan ortiq koyka koronavirus bemorlari uchun ajratilgan. Yaqin orada yana 31 mingta o‘rin hozirlanishi kutilmoqda. Bundan tashqari, 400ta tez yordam mashinalari sotib olinadi.

Bosh vazir o‘rinbosari – Respublika maxsus komissiyasi a'zosi Aziz Abduhakimov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida tibbiyot tizimida kuzatilayotgan vaziyat va koronavirusga qarshi kurashish uchun qilinayotgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

«Sog‘liqni saqlash tizimi hozir 2 tomonlama bosim ostida qolmoqda. Bir tomondan koronavirus bilan kasallanganlar soni keskin ortib ketgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan kasallikka qarshi kurashayotganlarning o‘zlari ham kasallik yuqtirib olishmoqda», – dedi Abduhakimov.

U tashkil etilayotgan taqsimot markazlari, xususan «O‘zekspomarkaz»dagi ish tizimi haqida to‘xtaldi.

«Bunday markazlarda bemor ko‘rikdan o‘tkaziladi va ahvoli og‘ir bemorlar barcha sharoitlar, xususan, kislorod ta'minotiga ega shifoxonalarga yo‘naltiriladi. O‘rta og‘ir ahvoldagi bemorlarga ambulator sharoitda muolajalar buyuriladi. Kasallikni yengil shaklda boshdan kechirayotganlar esa uy sharoitida shifokor nazorati ostida davolanadi. Bu tibbiyot tizimiga tushayotgan bosimni pasaytiradi, degan umiddamiz.

Xuddi shunday taqsimot markazlari respublikaning barcha hududlaridagi koronavirus shifoxonalarida ham tashkil qilinadi.

Aytish joizki, hozir 50 mingdan ortiq shifokorlar, 90 mingdan ortiq kichik tibbiyot xodimlari koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun safarbar qilingan. Lekin vaziyat tibbiyot xodimlari yetishmovchiligini ham yuzaga chiqardi», – dedi O‘zbekiston hukumati a'zosi.

Qayd etilishicha, respublika bo‘yicha qo‘shimcha tarzda 46 mingdan ortiq koyka koronavirus bemorlari uchun ajratilgan. Yaqin orada yana 31 ming koyka ajratilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, 400ta «Tez yordam» mashinalari sotib olinishi mo‘ljallanmoqda. Bu orqali aholiga imkon qadar tezroq tibbiy yordam yetib borishi imkoniyati yaratiladi.

Abduhakimovga ko‘ra, taqsimot markazi sifatida jihozlangan «O‘zekspomarkaz»ga deyarli har daqiqada koronavirus bilan zararlangan bemor keltirilmoqda.

Bosh vazir o‘rinbosari fuqarolardan birinchi o‘rinda surunkali kasalliklari bor va 65 yoshdan katta bemorlarni imkon darajasida izolyatsiya qilishni, niqob taqish, qo‘lni sovunlab yuvish kabilarga e'tiborli bo‘lishni, dorixona va do‘konga borganda masofa saqlashni so‘radi.

Саодат Абдураҳмонова
Tayyorlagan Саодат Абдураҳмонова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid