Qohira bombalash bilan tahdid ham qilib ko‘rdi, tinchgina kelishishni ham taklif qildi, biroq bukilmas Addis-Abebaning parvoyi falak, deb yozadi jurnalist Aleksandr Artamonov.

Ko‘k Nildagi Hidase suv elektr stansiyasi: wikipedia.org

2020 yilning yoziga kelib, Efiopiya (Habashiston) energetiklari Ko‘k Nil daryosida «Hidase» gidroelektr stansiyasi qurilishining asosiy bosqichini yakunlashdi. U Afrika qit'asidagi eng kattasi, jahonda yettinchi o‘rindagi bo‘ladi, bu GES Efiopiyani iqtisodiy rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiqishi mumkin. Biroq, mamlakatning kutilayotgan gurkirashi, daryoning quyi oqimida yashovchi 160 million kishi uchun ulkan muammolar yaratishi ham mumkin.

Gap Misr haqida bormoqda. Efiopiyadagi yangi GES Nildagi suv miqdorini kamaytiradi, bu esa Afrikaning buyuk daryosiga necha asrlardan buyon bog‘liq bo‘lib kelayotgan fir'avnlar yurti uchun koni zarar bo‘lishi tayin. Qurilishning boshlanish onlaridan buyon muammoni hal qilish borasida muzokaralar o‘tkazib kelinmoqda, biroq ularning barchasi natijasiz yakunlangan.

Birovning hisobiga ravnaq topish

«Hidase» GES qurilishi 2011 yilda boshlangan. Balandligi 560 metr, kengligi 1700 metr bo‘lgan to‘g‘on Efiopiyaning eng g‘arbiy qismida Sudan chegarasiga 7 km yetmasdan Ko‘k Nilning suvini to‘sgan. To‘g‘ondan 800 km quyi qismida Ko‘k Nil Oq Nil bilan qo‘shiladi va yerda Sudan poytaxti Xartum joylashgan.

Hidase suv ombori to‘g‘oni qurilishi. Foto: Tiksa Negeri / REUTERS

«Hidase» amhar tilida «yangilanish» ma'nosini beradi. Stansiyaning ikkinchi nomi ham bor «Tayhige» — «Efiopiyaning buyuk qayta tug‘ilishi to‘g‘oni» rasmiy nomining abbreviaturasi. GES chindanam mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishini jadallashtirishi mumkin.

Uning quvvati 6450 MVt bo‘lib, Efiopiyaning ayni damdagi jami elektr stansiyalari quvvatidan bir yarim baravar ko‘proq.

«Hidase» sharofati bilan mamlakat elektr energiyasi taqchilligidan butunlay xalos bo‘lishi ko‘zlangan — ayni paytda 100 million nufusga ega Efiopiyaning 65 foiz aholisi kechasi chiroqsiz o‘tiribdi. Yomg‘irlar mavsumida GES ortiqcha elektr energiyasi ishlab chiqaradi va uni Efiopiya qo‘shni davlatlarga eksport qilmoqchi.