13:29 / 26.07.2020
48886

Buxoro viloyatida firibgarlar jinoiy guruhi 500 ming dollarlik kelishuv ustida qo‘lga olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat DXX bilan bilan hamkorlikda soxta qimmatbaho toshlar hamda qalbakilashtirilgan tarixiy-badiiy buyumlarni sotishga ixtisoslashgan jinoiy guruhning yirik jinoyati fosh etildi. Bu haqda Kun.uz`ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Dreamstime

O‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro N.S., Sh.S., va A.M.lar bir dona qora rangli toshni guyoki, olmos ekanligiga ishontirib, aldash yo‘li bilan fuqaro A.D.ga 500 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shundan 4,5 mlrd so‘m va 51 ming AQSh dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

«Tadbir davomida fuqaro N.S., Sh.S., A.M.larning yana bir jinoyati fosh etildi.

Jumladan, jinoiy guruh bir dona zar matodan ishlangan kamar, bir dona charmdan ishlangan hamyon va bir dona kumushdan ishlangan qo‘lbola muhrni Buxoro amirlariga tegishli ekani va ular tarixiy ahamiyatga ega noyob buyumlar sirasiga kirishini, fuqaro A.D.ni yanada ishontirish maqsadida tarixiy fotosuratlarni qalbakilashtirib, ularni 100 ming AQSh dollariga sotishga uringani aniqlangan.

Shuningdek, fuqaro A.M. tomonidan kelgusida fuqarolar ishonchiga kirib, ularni aldash yo‘li bilan noqonuniy daromad orttirish maqsadida o‘zida saqlab kelayotgan 32 turdagi jami 247 dona turli xildagi tosh va zargarlik buyumlarini ixtiyoriy ravishda taqdim etgani protsessual rasmiylashtirilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan fuqaro N.S., Sh.S., A.M.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda», – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

Mavzuga oid
Top