Jahon | 20:20 / 27.07.2020
20112
6 daqiqa o‘qiladi

KXDR chegaradan o‘tgan qochoq Covid-19 olib kirganini ma'lum qildi. Seul tomoni unda virus bo‘lmaganini aytmoqda

Shimoliy Koreya hukumati mamlakatda koronavirusdan birinchi kasallanish holati Janubiy Koreyadan qaytgan qochoqda aniqlangani haqida xabar berdi. Seuldagilar esa bu shaxs Covid-19'ni yuqtirib olgan bemorlar va hattoki kasallar bilan kontaktda bo‘lganlar ro‘yxatida mavjud emasligi aytishmoqda.

ED JONES / GETTY

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu shaxs 3 yil avval Shimoliy Koreyadan qochib ketgan, ammo o‘tgan haftada vataniga qaytishga qaror qilgan.

U Janubiy Koreya orollaridan birida suv oquvchi quvurga kirib olgan, keyin esa shimoliy qirg‘oqqacha taxminan bir yarim kilometr masofani suzib o‘tgan.

Pxenyan o‘tgan haftada koronavirus yuqtirgani gumon qilinayotgan mamlakatdagi birinchi odam haqida xabar qilib, uning Janubiy Koreyadan uyiga qaytishga qaror qilgan qochoq ekanini qo‘shimcha qilgandi.

Janubiy Koreyadagi chegara xavfsizligi bo‘linmasining qo‘mondoni shimoliy koreyalik qochqinning suzib, o‘z mamlakatiga qochib ketganiga to‘sqinlik qila olmaganligi uchun ishdan bo‘shatildi. Ajablanarlisi shundaki, qochqin mamlakat hududidan chiqib ketgunga qadar yetti marotaba kameraga tushib qolgan bo‘lsa-da, qochishning uddasidan chiqa olgan.

Buning ortidan general-mayor Bayek Gyong-sondan tashqari ba'zi ofitserlarga nisbatan ham intizomiy tergov boshlangani ma'lum qilindi.

Janubiy Koreya rasmiylari mamlakatga uch yil oldin suzib kelgan Kim familiyali 24 yoshli odam yana ayni shu shaklda mamlakatni tark etishga muvaffaq bo‘lganidan Shimoliy Koreyaning o‘tgan hafta qilgan bayonoti orqali xabar topishdi. 

Bu odam Shimoliy Koreyaga qanday qayta oldi?
Janubiy Koreya mudofaa kuchlari vakili 24 yoshli erkakning Shimoliy Koreya chegarasiga yaqin bo‘lgan Kanxvado orolidan suzib ketgani haqida dushanba kuni ma'lum qildi.

U Sariq dengizga olib boruvchi quvur oxiridagi tikonli sim bilan o‘ralgan to‘siq ostiga tushib olgan va Shimoliy Koreya tomonga suzib ketgan. 

«Biz u yashiringan joyni aniqladik, ko‘rinishidan uning ashyolari solingan sumka ham o‘sha yerdan topildi», dedi Janubiy Koreya polkovnigi Kim Chun Ra «Yonhap» axborot agentligiga bergan intervyusida.

Avvalroq, Shimoliy Koreya ommaviy axborot vositalari uch yil avval qochib ketgan odam 19 iyul sanasida qirg‘oq bo‘yidagi Keson shahriga suzib kelgani va uning yangi koronavirusga chalingani ehtimoli borligi haqida xabar bergandi. 

Shimoliy Koreya rasmiy nashrlari mamlakat rahbari Kim Chen In shoshilinch o‘tkazilgan yig‘ilishda virusga qarshi kurashning eng samarali tizimini yaratishni buyurgani haqida xabar berdi. 

KXDR rahbari shoshilinch yig‘ilish o‘tkazdi AFP/GETTY

Janubiy Koreya qochoq haqida nima demoqda?
«Janubiy Koreya sog‘liqni saqlash rasmiylarining ta'kidlashicha, ushbu shaxs Covid-19 kasalligi bilan ro‘yxatga olinmagan va bemorlar bilan aloqada bo‘lganligi aniqlanmagan», dedi sog‘liqni saqlash vazirligi vakili.

Qochoq bilan yaqin aloqada bo‘lgan ikki kishi virusga tekshirildi va har ikkala holatda ham manfiy natija qayd etildi. 

Janubiy Koreya Xitoydan keyin epidemiya tarqalgan ikkinchi davlat bo‘lgandi. Biroq, mamlakatda bemorlar kontaktlarini kuzatish tizimi yaratilgan va virus tarqalishi jilovlandi.

50 million aholiga ega bo‘lgan ushbu mamlakatda kuniga o‘rtacha 50 nafar yangi holatlar qayd etilmoqda. Ko‘pchilik chet elda kasallanyapti va shuning uchun o‘z vataniga qaytgan fuqarolar karantinga joylashtirilmoqda. 

Shimoliy Koreya rasmiylarining ta'kidlashicha, shu paytgacha yarim orolning ularga tegishli qismida Covid-19 infeksiyasi holatlari kuzatilmagan. Tahlilchilar tomonidan esa bu da'volar ishonarsiz deb baholangan. 

Shimoliy Koreyalik qochoqlarning uyga qaytish holatlari ko‘p kuzatiladimi?

Janubiy Koreyadan Shimoliy Koreyaning ko‘rinishi / EPA

Shimoldan Janubiy Koreyaga qochib o‘tgan shaxslarning KXDRga qaytishga qaror qilishi kamdan kam kuzatiladi. Janubiy Koreya birlashish vazirligining BBC'ga ma'lum qilishicha, 2015 yildan beri bu kabi atigi 11ta holat qayd etilgan. 

Ularning so‘nggisi 2017 yilda sodir bo‘lgan. Kanxvado orolidan Shimoliy Koreyaga suzib ketgan kishi o‘n ikkinchi bo‘lishi mumkin.

Tahlil
Subin Kim, BBC, Seul

Garchi rasmiy bayonotlarda qochqin shunchaki yangi koronavirus tashuvchisi sifatida gumonlanayotgani aytilgan bo‘lsada, Pxenyan urg‘uni bu holatda tashqi dunyoni, xususan, Janubiy Koreyani ayblashga qaratmoqda.

Ammo, mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, chegarani noqonuniy kesib o‘tgan qochqin chindan ham virusdan zararlangani shubhali.

Janubiy Koreya hukumati unda virus bo‘lganini rad etmoqda, Pxenyan esa aholisini ommaviy ravishda testdan o‘tkazishga tayyor emas.

Ekspertlarning hisoblashicha, Shimoliy Koreya hukumati aholisini virus tufayli kelib chiqadigan qiyinchiliklarda tashqi kuchlar aybdor ekaniga ishontirishga harakat qilmoqda.

Mamlakatda koronavirus keng tarqalmaganda ham ushbu mamlakat iqtisodiyoti koronavirus pandemiyasi davridagi qat'iy choralar (masalan, Xitoy bilan chegara yopilgan) tufayli qattiq jabr chekmoqda.

Pxenyan bu holatdan Seuldan yordam olishda foydalanishi mumkin: shimolliklar dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari jo‘natilishini talab qilishi kutilmoqda.

Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid