Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
DXX Qashqadaryoda «jihodchilar» guruhi faoliyatiga chek qo‘ydi
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qarshi shahrida yashovchi 52 yoshli fuqaro muqaddam «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimiga a'zo bo‘lganligi uchun 2004-2018 yillarda jazo muddatini o‘tagan bo‘lishiga qaramasdan, o‘zining yashash manzilida 1994, 1996, 1998 yillarda tug‘ilgan 3 nafar farzandi va 2000 yilda tug‘ilgan jiyani hamda 1974-1998 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 11 nafar mahalliy fuqarodan iborat noqonuniy guruh tashkil etib, «jihodchilar» oqimi g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u guruh a'zolarini «hijrat» va «jihod» qilishga, Suriya davlatiga borib, «Tavhid va Jihod katibasi» terroristik tashkilotiga qo‘shilishga chorlagan.
Bundan tashqari, u «Telegram» messenjerida «Shahidlar» nomli guruh tashkil etib, unga diniy ekstremistik oqimlar va terroristik tashkilotlarning g‘oyaviy rahnamolari bo‘lmish «Abu Saloh», «Abdulloh Zufar», «Sodiq Samarqandiy» va boshqalarning «hijrat», «jihod» va «shahidlik»ka chorlovchi audio-video materiallarini joylashtirib, targ‘ibot ishlari olib borgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida mazkur noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Dastlabki tergov-surishtiruv jarayonlarida aniqlanishicha, guruh yetakchisining ko‘rsatmasi bilan uning a'zolari bosqinchilik jinoyatlarini sodir etish orqali yo‘l xarajatlari uchun pul yig‘ish, so‘ngra Suriyaga borib, terroristik tashkilotlar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan.
Ularning yashash manzillaridan kompyuter protsessori, noutbuk, dron, flesh-kartalar, DVD disklar, telefon apparatlari, diniy mazmundagi adabiyotlar, shuningdek, bir donadan o‘qotar va pnevmatik qurol, patronlar va gilzalar ashyoviy dalil sifatida protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Ta'kidlanishicha, guruh a'zolari orasida MChJ rahbari va ishchisi, buyum bozorida sotuvchilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslar hamda institut talabasi bor.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
09:05 / 17.06.2026
Afg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
22:01 / 13.06.2026
Qashqadaryoda qum-shag‘al aralashmasini noqonuniy qazib olish holatlari fosh etildi
15:20 / 13.06.2026
Eski sandiqdan topilgan britancha surat: Dulsi xonim izlagan Boqijon Akramov Buxoro va Qashqadaryodan topildi
10:57 / 12.06.2026