O‘zbekiston | 11:24 / 28.07.2020
8443
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda davlat organlari va hududlarning korrupsion reytingi tuzib boriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reyting metodikasi ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

«Davlat organlari, korxonalar va hududlarda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot reyting metodikasi ishlab chiqilishi belgilandi. 2021 yildan boshlab ushbu reyting natijalari e'lon qilib boriladi, shu asosida barcha rahbarlarning shaxsiy mas'uliyati baholanadi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat xaridlari va investitsiya loyihalarida korrupsiyaga chek qo‘yilishini ta'minlash uchun Moliya vazirligiga bu borada shaffoflikni ta'minlash, jamoat nazorati va raqobatni kuchaytirish maqsadida Davlat xaridlari axborot portalini ishga tushirish topshirilgan.

Endilikda har bir investitsiya loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yildan boshlab ushbu tizim markazlashgan mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladigan barcha loyihalarga tatbiq etiladi.

Prezident yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun odamlarning legal ishlashiga ko‘maklashish, ularni manfaatdor qilish kerakligini ta'kidlagan.

Sohalar va yo‘nalishlar kesimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha «yo‘l xaritalari» ishlab chiqish hamda ijrosini muhokama qilib borish yuzasidan topshiriqlar berilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid